О‘zbek tili va uni o`qitish metodikasi kafedrasi

Turli yillarda kafedrada O‘zbekistonda tanilgan tilshunos olim va pedagoglar xizmat qilishgan.

  • Ustoz va shogirdlar uchrashuvi. Chapdan o‘ngga: O‘zbekiston Milliy universiteti professori, f.f.d.Yormat Tojiev, f.f.d.,prof. Mazluma Asqarova, Samarqad davlat universiteti professori, f.f.d. Suyun Karimov
  • Boshqa rasmlar

Tafsilot

Turli yillarda kafedrada O‘zbekistonda tanilgan tilshunos olim va pedagoglar xizmat qilishgan.

Batafsil

Kafedra 1935 yilda Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti tarkibida tashkil etilgan. Unga turli yillarda prof. G‘ozi Olim Yunusov, prof. A.K.Borovkov, dots. M.Shamsiev, prof. S.Usmonov, prof. M.Asqarovalar rahbarlik qilishgan. Turli yillarda kafedrada O‘zbekistonda tanilgan tilshunos olim va pedagoglar xizmat qilishgan. Ular orasida akad. V.V.Reshetov, O‘zFA muxbir a’zosi X.Komilova, prof. A.Gulomov, prof. F.Abdullaev, prof. A.Shermatov, prof. X.Abdurahmonov, prof. R.Rasulov, dots. T.Ibrohimov, dots. F.Kamolov, dots. Sh.Afzalov, dots. S.Akbarov, dots. T.Tursunova, dots. X.Nazarova, dots. S.Ravshanova, dots. Yu.Eshonqulov va boshqalar bo‘lgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Rossiya Federatsiyasi Ta’lim akademiyasining xorijiy a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Mazluma Asqarova 1964 yildan 2005 yilgacha O‘zbek tilshunosligi kafedrasini boshqardi.
Ustoz va shogirdlar uchrashuvi. Chapdan o‘ngga: O‘zbekiston Milliy universiteti professori, f.f.d.Yormat Tojiev, f.f.d.,prof. Mazluma Asqarova, Samarqad davlat universiteti professori, f.f.d. Suyun Karimov
Mazluma Asqarova hayot bo‘lganlarida bu yil 90 yoshga to‘lgan bo‘lardilar. Mazluma Asqarovaning hayot yo‘li hammamiz uchun ibrat maktabi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustozning butun umri bugun 80 yillik tavallud to‘yini nishonlash arafasida turgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan bog‘liq. Mazluma Asqarova ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga ham doimo jiddiy e’tibor berib keldi. Olimaning ilmiy rahbarligida 3 soha: o‘zbek tilshunosligi, ona tili o‘qitish metodikasi, chet tillari va o‘zbek tili qiyosiy grammatikasi bo‘yicha 40ga yaqin yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlangan, shulardan 9tasi mustaqillik yillarida dissertatsiyalar himoya qilishgan. Ular O‘zbekistonning turli viloyatlarida (Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent shahrida) samarali mehnat qilmoqda. 2005-2009 yillarda kafedraga prof. N.M.Mahmudov rahbarlik qilgan va ustoz hozirda ham kafedra professori sanaladi.
Kafedra jamoasi (2013 yil) Chapdan o‘ngga: Marhabo Umirzoqova, Muborak Jamolxonova, Nargiza Ahmedova, Dilafruz Nosirova, Muyassar Saparniyozova, Hasanboy Jamolxonov, Rixsivoy Yunusov, Nizomiddin Mahmudov, Elbek Jo‘raev
1981 yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida o‘qituvchi, «Rus guruhlarida o‘zbek tili» kafedrasining mudiri, 1989 yildan o‘zbek va qozoq filologiyasi fakultetining dekani lavozimlarida ishlagan. Undan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida mas’ul lavozimlarda, 2000 – 2005 yillarda esa O‘zbekiston teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti direktori. N.Mahmudov 27 yoshida nomzodlik, 33 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘tgan asrning 70-yillaridan buyon keng qamrovli filolog sifatida tilshunoslik , adabiyotshunoslik, madaniyatshunoslik, ma’naviyat masalalari bo‘yicha izlanishlar olib boradi. Uning bu yo‘nalishlarda e’lon qilgan 400ga yaqin ishlarining yetmishdan ortig‘i alohida kitoblardir. Uning bir qator ilmiy ishlari AQSh, Turkiya, Ozarbayjon kabi horijiy mamlakatlarning nufuzli nashrlarida bosilgan. Respublikamiz va Turkiya, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlardagi xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar bilan qatnashgan. Uning ilmiy rahbarligida uchta doktorlik va o‘n uchta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. 30dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalariga opponentlik qilgan. 1993 – 1995 yillarda Nizomiy nomidagi TDPI qoshidagi pedagogikadan doktorlik dissertatsiyalarini yoqlash bo‘yicha ixtisoslashgan kengash raisi, 1998 – 2007 yillarda O‘zFA Til va adabiyot instituti qoshidagi tilshunoslikdan kengash raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnali bosh muharriri, «Til va adabiyot ta’limi», «Filologiya masalalari», “Toshkent davlat pedagogika universiteti axborotlari” kabi jurnallarning tahrir hay’ati va kengashlari a’zosi. 1990 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Hozirgi kunda kafedraga filologiya fanlari nomzodi, dotsent M.Saparniyozova rahbarlik qilmoqda. Kafedra ilmiy salohiyati bo‘yicha fakultetdagi yetakchi kafedralardan sanaladi. 2011-2012 o‘quv yilidan O‘zbek tilshunosligi kafedrasi tarkibiga O‘zbek tili tarixi va Sharq tillari kafedrasi qo‘shildi. Buning natijasida kafedra respublikamizdagi taniqli tilshunos olimlardan filologiya fanlari doktori, professor S.Ashirboev, filologiya fanlari nomzodi M.Rahmatovlar hisobiga boyidi.
Kafedra an’analarini davom ettirgan holda kafedra bugungi kunda zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari davlat ta’lim standartlarini takomillashtirish, o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini, elektron darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish sohalarida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda Kafedra qoshida ilmiy kadrlar tayyorlovchi aspirantura va doktorantura ham mavjud bo‘lib, unda shu kunga qadar 50 dan ortiq fan nomzodi va fan doktorlari tayyorlandi. Bugungi kunda kafedrada 3 ta katta stajyor tadqiqotchi izlanuvchi , 7ta tadqiqotchi tilshunosligimizning turli dolzarb mavzulari sohasida doktorlik dissertatsiyalari ustida o‘z izlanishlarini davom ettirmoqda. Kafedra respublika miqyosidagi turli ilmiy-nazariy anjumanlar tashkilotchisi va ishtirokchisi hisoblanadi. Uzoq yillardan beri “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida kafedra tashkilotchiligida ilmiy anjuman o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu anjumanlarning natijasi sifatida kafedra tomonidan “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” nomi ostida 7ta ilmiy maqolalar to‘plami turkum sifatida nashr qilindi.
Suratda: anjumandan lavhalar.
Suratda: anjumandan lavhalar.
2015-2016 o‘quv yilidan boshlab ushbu kafedra “O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi” deb nomlandi. Ushbu o‘quv yilida kafedra f.f.d., prof. D.Lutfullaeva, p.f.n., dotsentlar O.Oxunjonova, T.Yusupova, katta o‘qituvchilar D.Jumashev, K.Dosanovlar hisobiga boyidi. Kafedra an’analariga sodiq holda jamoa bugungi kunda davr bilan hamnafas qadam tashlamoqda.