Omad sizga, ijodkor yoshlar!

Fond Forum tomonidan amalga oshirilayotgan qator loyihalar mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga katta hissa qo’shish bilan birga, yosh iste’dodlarni kashf etish va rag’batlantirishga xizmat qilmoqda.

Tafsilot

Qisqacha

Fond Forum tomonidan amalga oshirilayotgan qator loyihalar mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga katta hissa qo’shish bilan birga, yosh iste’dodlarni kashf etish va rag’batlantirishga xizmat qilmoqda.

Batafsil

Fond Forum tomonidan amalga oshirilayotgan qator loyihalar mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga katta hissa qo’shish bilan birga, yosh iste’dodlarni kashf etish va rag’batlantirishga xizmat qilmoqda. Fond Forum hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan 2005 yildan buyon o’tkazib kelinayotgan “Kelajak ovozi” respublika tanlovi ham iste’dodli yoshlarning iqtidorini ro’yobga chiqarish va rivojlantirishga yordam beradi. Kuni kecha universitetimizda “Kelajak ovozi - 2013” tanlovining dastlabki, saralash bosqichi o’tkazildi. Ko’rgazmadan joy olgan ijodiy ishlar, ishtirokchi talabalarning ko’pligi ko’rik-tanlovda iqtidorini sinab ko’rish istagidagi yoshlar soni yil sayin ortib borayotganligidan dalolat beradi. Universitet o’quv ishlari bo’yicha prorektori D.Ergashev tadbirni kirish so’zi bilan ochib berdi. U bu kabi ko’rik-tanlovlarning ahamiyati xususida so’z yuritar ekan, hakamlar hay’atidan har bir ishni xolislik va adolat bilan baholashlarini so’radi. “Kelajak ovozi - 2012” tanlovi g’oliblarining tilaklari qatnashchilarga madad bo’ldi. – Bu kabi ko’rik-tanlovlar yoshlarga juda katta imkoniyatlarni bermoqda, – deydi texnika fanlari nomzodi, dotsent Po’lat Adilov. –Tanlov bahona yoshlar o’z iste’dodlarini omma e’tiboriga havola etishadi, tengdoshlari bilan fikr almashib, ustozlardan maslahat olishadi. SHuningdek, ijodiy faoliyatlarida e’tibor qaratish zarur bo’lgan o’rinlarni aniqlab, yanada yaxshi natijalarga erishish uchun nimalar qilish kerakligi haqida tasavvurga ega bo’ladilar. “Kasb ta’limi” fakulьteti bitiruvchisi Xolmurod Mo’minov “Kelajak ovozi - 2012” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o’rinlardan birini qo’lga kiritgan edi. Muvaffaqiyat yangi marralar sari rag’batlantirgan Xolmurod bir yil davomida o’z ustida tinimsiz ishlab, bu yil ham tanlov g’olibi bo’lishga astoydil harakat qildi. Tanlov shartlari “Axborot texnologiyalari va ratsionalizatorlik takliflari”, “Kompьyuter grafikasi va dizayn”, “Adabiyot va publitsistika” hamda “Tasviriy va amaliy san’at” singari to’rt yo’nalishda o’tkazildi. “Axborot texnologiyalari va ratsionalizatorlik takliflari” yo’nalishi bo’yicha ishtirok etayotgan talabalarning loyihalari qiziqarliligi bilan ajralib turdi. Taqdim etilayotgan ishlarning sifati va saviyasini ko’rib universitetimizda bilimli va intiluvchan yoshlar ko’pligidan faxrlanmaslikning iloji yo’q. “Kasb ta’limi” fakulьteti talabasi Alisher Avazboevning tanlovga taqdim etgan loyihasi tanlov ishtirokchilarining hech birini befarq qoldirmadi. Uning professor-o’qituvchning shaxsiy jurnalini takomillashtirish bo’yicha taklif etayotgan g’oyalari zamonaviy talablarga to’la javob beradi. G’oya muallifining aytishicha, u taklif qilayotgan kompьyuterlashtirilgan jurnalga o’zgartirish kiritib bo’lmaydi. Bunday jurnal professor-o’qituvchini ham, talabalarni ham, mas’uliyatli bo’lishga, topshiriqlarni o’z vaqtida bajarib, bilimlarni mukammal o’zlashtirishga undaydi. Aksariyat xotin-qizlar to’quvchilikka qiziqishadi. Lekin uni o’rganish uchun kimdadir vaqt etishmasligi, boshqa birovning moddiy sharoiti to’g’ri kelmasligi mumkin. “Kasb ta’limi” fakulьteti talabasi Dilnoza Qosimova xotin-qizlarga bu borada tez va oson yordam beruvchi dastur ustida ish olib boryapti. To’quvchilikni axborot texnologiyalaridan foydalanib, mustaqil o’rganish qiziquvchilarni hunarli bo’lishi va bo’sh vaqtining mazmunli o’tishiga, eng muhimi, moddiy tejamkorlikka xizmat qiladi. Fizika matematika fakulьtetida tahsil olayotgan Sarvar Boltaevning loyihasi ham dolzarb ahamiyatga molik. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ingliz tilini mustaqil o’rganish dasturi – o’rganuvchi bog’cha yoshida bo’ladimi yoki uy bekasi – barcha uchun sodda va samaralidir. “San’at” fakulьteti talabasi Matyoqub Niyozmetov uy-ro’zg’orda ishlatiladigan choynakning kompьyuter grafikasi yordamida bir muncha qulay bo’lgan chizmasi bilan “Kompьyuter grafikasi va dizayn” yo’nalishida ishtirok etdi. – G’oya yaxshi, lekin ishda hali ayrim kamchiliklar mavjud, – deydi biz bilan suhbatda xakamlar hay’atining a’zosi, texnika fanlari nomzodi, professor Temur Rixsiboev. – Tanlovning keyingi bosqichigacha Matyoqub bilan birga ishlab, uni mukammallashtirishga harakat qilamiz. Universitetimiz qizlarining chevar qo’llari bilan yaratilgan to’quvchilik, zardo’zlik, kashtachilik buyumlari, munchoqlar bilan bezatilgan do’ppi, yaktak, quroq kabi milliy mahsulotlar qatnashchilarga bir olam zavq ulashdi. “San’at” fakulьteti talabasi Nilufar ergashevaning nozik barmoqlari pianinoning oq va qora donalari ustida chaqqon yugurishi natijasida taralayotgan musiqa sadolari, qizlarning malakali raqqosalardek xirom aylashlari kishiga huzur baxsh etdi. “Adabiyot va publitsistika” yo’nalishidagi bellashuvlar ham ancha murosasiz bo’ldi. SHe’riyat yo’nalishiga taqdim etilgan ijod namunalari talabalarimizning so’z san’ati, badiiy ijodga qiziqishlari kuchli ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu yo’nalish bo’yicha Tarix fakulьteti Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo’nalishi talabasi SHuhrat Suvanov, Boshlang’ich ta’lim uslubiyoti yo’nalishi talabasi Maksim Galimdjanov, San’at fakulьteti talabasi Jahongir Qosimovlarning ishtiroklari ayniqsa diqqatga sazovor bo’ldi. Publitsistika yo’nalishida g’oliblikka da’vogar bo’lgan ijodiy ishlarni baholashda maqolalarning dolzarbligi, ijtimoiy ahamiyati va ta’sirchanligi asosiy mezon sifatida olindi. Bu yo’nalishda O’zbek tili va adabiyoti fakulьteti talabasi Nozima Mamatalieva 50 ga yaqin maqolalari bilan ishtirok etdi. Boshlang’ich ta’lim uslubiyoti fakulьteti talabasi Iroda Obidova, O’zbek tili va adabiyoti fakulьteti talabasi Mohigul esonovaning ishlari ham yuqori baholandi. Ijodkorlar, tashabbuskorlar ko’p, ijod namunalari, yangi g’oyalar, san’at asarlari havas qilgudek. Bularning bari – mustahkam kelajak asosi. Universitetimizning iste’dodli va iqtidorli talabalari “Kelajak ovozi – 2013” respublika tanlovining navbatdagi bosqichlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etishlaridan umidvormiz.