Mardlar doimo qalbimizda

7-may kuni 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor O.A.Qo‘ysinov, kasaba uyushmasi raisi I.J.Yo‘ldoshev hamda universitet Kamolot YоIH BT yetakchisi R.R.Rahmonovlar xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan kapitan Bahrom Ulug‘bekovich Jo‘rayevning xonadoniga bordilar.

Xonadon egalari mehmonlarni ochiq chehra bilan kutib oldi. Suhbat davomida Bahrom Jo‘rayevning ota-onasi farzandi haqidagi xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. “Farzandimni men hech qachon oramizda yo‘q deb ayta olmayman, u doim bizning qalbimizda, yodimizda. Bugun to‘yib nafas olayotgan musaffo havomizda uning nafasi bor, har tong charaqlab chiqayotgan quyosh nurlarida farzandimning nurafshon chehrasi mujassam”, deya ta’kidladi Bahrom Jo‘rayevning otasi Ulug‘bek aka “Toshkent” telekanali muxbiriga bergan intrvyusida. Universitetdan borgan xodimlar Amir Temur, Jaloliddin Manguberdiga o‘xshagan mard o‘g‘lonlar bugun ham bizning oramizda bor ekanligini, ular doimo Ona Vatan tinchligi uchun jonini tikishga tayyorligini Bahrom Jo‘rayev singari jasur o‘g‘lonlar timsolida ko‘ramiz, biz bugungi suhbatimiz, Bahromjonning jasorati haqida o‘quv jarayonlari vaqtida, albatta, talabalarga so‘zlab beramiz. Bu qahramonning fidoyiligini eshitgan har bir yoshning qalbida vatanparvarlik, yurtga bo‘lgan sadoqat tuyg‘ulari yanada yuksaladi deya ta’kidladilar. JASORAT Yurt uchun jon berdi mard, jasur o‘g‘lon, Yovning yarog‘iga vujudi qalqon, Birlari Surxondir, biri Andijon, Sababchisi ular moviy osmonni. Har birin taqdiri o‘zi bir kitob, Arzigay, aylasang, izlarin tavob, Qora bulutlarni haydagan oftob, Zog‘lardan qutqargan bog‘-u bo‘stonni. Tuproqda tug‘ilib, tuzini totib, Yurtfurushlar ketdi yurtini sotib, Ular-chi, jonining bahridan o‘tib, Tinchligin saqladi har xonadonni. Eslasak, dil qumsar, ko‘ngil yorishar, Ular qalbimizda manguga yashar, Jannatga yorug‘ yuz bilan borishar, Munosib egasi erur Rizvonni. Ta’rifi sig‘mas she’r satrlariga, Tilovatlar o‘qing xotirlariga, Boraylik gul olib qabrlariga, Ular bezar hattoki qabristonni. Ulg‘aysin ortida qolgan mevasi, Daryoga qo‘shilsin mitti jilg‘asi, Sadoqat timsoli uning bevasi, Necha yil quchoqlab yotgan hijronni. Ismin yozish shartmas zarvaraqlarga, Ular aylanganlar chin shafaqlarga, Nomlari bitilgan qalb, yuraklarga, Mardligi uyg‘otib turar vijdonni. Dunyoga keltirib dardda to‘lg‘ona, O‘g‘lin ulg‘aytirdi bo‘lib parvona, Millatning onasi u munis Ona, Dunyoga keltirgan shunday o‘g‘lonni. Yotgan go‘shalari chaman bo‘lganlar, Qalblarda manguga omon bo‘lganlar, Eng so‘nggi so‘zlari VATAN bo‘lganlar Asl farzandidir O‘zbekistonni. ELYOR DARXONOV