Prezident Qarori

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyundagi “2018-2019 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o`qishga qabul to`g`risida”gi PQ-3769-son Qarori

Tafsilot

Qisqacha

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyundagi “2018-2019 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o`qishga qabul to`g`risida”gi PQ-3769-son Qarori

Batafsil

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo`lgan mutaxassisliklar bo`yicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda son va ta’lim yo`nalishlari uyg`unligiga erishish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini inobatga olgan holda foydalanishni yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:

1.Ma`lumot uchun qabul qilinsinki, O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 23 iyundagi “Respublika oliy ta’lim muassasalariga o`qishga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-2360-sonli qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga o`qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga bo`lgan talabi parametrlarining balans hisob-kitobi ishlab chiqildi;

aniq yo`nalish va mutaxassisliklar bo`yicha tayyorgarlikka ega bo`lgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo`ljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo`yicha ishga joylashuvi monitoringi ma`lumotlari asosida 2018/2019 o`quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o`qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2.2018/2019 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha umumiy kvota:

1-ilovaga    muvofiq bakalavrlar uchun 69 200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo`yicha - 17 654 nafar va to`lov-kontrakt asosida - 51 546 nafar;

2-ilovaga    muvofiq magistrlar uchun 5 903 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo`yicha - 1 552 nafar va to`lov-kontrakt asosida - 4 351nafar;

3- ilovaga    muvofiq maxsus sirtqi bo`limlarda bakalavrlar uchun 11 765 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo`yicha - 15 nafar va to`lov- kontrakt asosida - 11 750 nafar etib belgilansin.

3.    2018/2019 o`quv yilida qabul qilish kvotalari:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali uchun - O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo`jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3702-sonli qarori bilan;

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti uchun - O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to`g`risida”gi PQ-3703-sonli qarori bilan;

Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali va Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali uchun - O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3704-sonli qarori bilan;

O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti uchun - O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi “O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to`g`risida”gi PQ-3737-sonli qarori bilan tasdiqlanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

4.    O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2018/2019 o`quv yilida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga o`tkir talab mavjud bo`lgan hududlar uchun maqsadli qabul bo`yicha kvotalarni O`zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo`nalishi bo`yicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish bo`yicha taklifi 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

5.    Belgilansinki, 2018/2019 o`quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “Maktabgacha ta’lim” bakalavriat ta’lim yo`nalishi bo`yicha kadrlar tayyorlash o`qish muddati 3 yil bo`lgan bakalavriat ta’lim dasturlari doirasida amalga oshiriladi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2018/2019 o`quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o`quv jarayonini to`laqonli tashkil etish uchun “Maktabgacha ta’lim” bakalavriat ta’lim yo`nalishining malakaviy talablari, o`quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6.    O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, Farg`ona viloyati hokimligining 2018/2019 o`quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg`ona filialiga o`qishga qabul qilishni qaytadan tiklash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Farg`ona viloyati hokimligi 2018 yil 1 iyulgacha Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg`ona filialining o`quv binolari, laboratoriyalari va talabalar turar joylarini yangi 2018/2019 o`quv yiliga tayyorlash bo`yicha qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlasin, shuningdek, ularni zarur uskunalar bilan jihozlasin.

7.    O`zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi (keyingi o`rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:

bakalavriat ta’lim yunalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha oliy ta’lim muassasalariga o`qishga kirish chog`ida abituriyentlar to`plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish parametrlariga o`zgartirishlar kiritish;

yangi yo`nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat hamda magistraturaning qabul kvotalariga o`zgartirishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo`lgan tumanlarining mutaxassislarga bo`lgan o`rinli ehtiyojlarini qondirish uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo`yicha maqsadli qabul ko`rsatkichlarini belgilash.

8.    Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda uch hafta muddatda tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo`yicha davlat granti hamda to`lov-kontrakt asosida o`rinlar kvotasini ta’lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

9.    O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi:

“O`zstandart” agentligi va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo`nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari yuzasidan Oliy ta’lim yo`nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda o`zgartish va qo`shimchalar kiritsin;

ikki oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha malakaviy talablar, o`quv rejalari hamda dasturlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika oliy ta’lim muassasalari reytingini har yili aniqlash milliy tizimini reytingning ustuvor ko`rsatkichlarini belgilashda kadrlarga asosiy buyurtmachilarning - vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning talablariga alohida e`tibor qaratgan holda takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10.    O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar hamda kadrlarning asosiy buyurtmachilari bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo`nalishlarini 5 yilda bir marta attestatsiyadan o`tkazsin va natijalari bo`yicha ushbu bakalavriat ta’lim yo`nalishi bo`yicha belgilangan talablarga javob bermaydigan mutaxassislik kafedrasining faoliyatini tugatish haqida takliflar kiritsin.

11.   O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018/2019 o`quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga o`qishga qabul qilish bo`yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag`lar ajratilishini ta`minlasin.

12.     O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 iyulgacha o`qitishga sarflanadigan jami xarajatlardan kelib chiqqan holda qiymat miqdorini aniqlashni nazarda tutadigan, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni to`lov-kontrakt asosida o`qitish qiymatini aniqlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13.    O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki bo`limlariga qabul kvotalari yuzasidan, salohiyatli iste’molchilar talablarini hisobga olgan holda, Davlat komissiyasiga ehtiyoj yuqori bo`lgan bakalavriat ta’lim yo`nalishlari kesimida asoslangan takliflar kiritsin.

Belgilansinki:

oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim bo`limlariga umumiy qabul kvota respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga 2018/2019 o`quv yili uchun tasdiqlangan umumiy qabul kvotasining 30 foizigacha bo`lgan miqdorida belgilanadi;

oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim bo`limlarida o`qitish to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim bo`limlarida o`qitish qiymati tegishli bakalavriat ta’lim yo`nalishi bo`yicha kunduzgi o`qitish shakli qiymatidan kam bo`lmagan miqdorida belgilanadi.

14.   O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda har yili yangi o`quv yili boshlanguniga qadar bakalavriat ta’lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o`quv rejalari hamda dasturlarini mehnat bozori kon’yunkturasining tez o`zgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini ta`minlaydigan zamonaviy fanlar kiritgan, ishlab chiqarish va real iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilishni hisobga olgan holda qayta ko`rib chiqsin.

15.   O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o`quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalari ta’lim jarayoniga xorijiy Yetakchi olimlar, mutaxassis-amaliyotchilar va yuqori malakali o`qituvchilarni tegishli bakalavriat ta’lim yo`nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo`yicha dars mashg`ulotlarini o`tkazishga jalb etish choralarini ko`rsin.

16.   O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha:

kadrlar buyurtmachilari ro`yxati va 2018/2019 o`quv yilida bakalavriat ta’lim yo`nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo`yicha o`qishga qabul qilingan va o`zi tomonidan taqsimlangan talabalar sonini;

2018/2019 o`quv yilida bakalavriat ta’lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha o`qishga qabul qilingan talabalarning amaliyot o`tash ob’ektlari ro`yxatini Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

17.   O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo`lgan vazirlik va idoralar hay’atlari amaliyotiga:

oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat faoliyati davomida ularning bilim va ko`nikmalarida kuzatilgan kamchiliklarni ish beruvchilar ishtirokida har chorakda kamida bir marta muhokama qilish;

har yil yakuni bo`yicha, lekin keyingi yilning fevral oyidan kechiktirmasdan, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog`liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari kompleksiga tayyorlanayotgan kadrlar malakasidagi kamchiliklar to`g`risidagi umumlashtirilgan tahliliy axborot, shuningdek, ularni bartaraf etish bo`yicha tavsiya va takliflar takdim etish kiritilsin.

Ushbu band ijrosining nazorati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3151-sonli qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalari biriktirilgan Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

18.  O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19.  Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.

 

O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti

 

 

SH.Mirziyoyev

 

Toshkent shahri