Tabiiy fanlar fakulteti

"Tabiat - inson va butun mavjudotlar yashash sharoitining birdan bir asosidir"

"Tabiat - inson va butun mavjudotlar yashash sharoitining birdan bir asosidir"

 


Tabiiy fanlar fakulteti 1935-yilda Tabiyot-geografiya fakulteti nomi bilan tashkil etilgan. Dastlabki yillar fakultet qoshida uchta: botanika, kimyo va geografiya kafedralari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 1937-yil sentabridan Zoologiya kafedrasi tashkil etildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fakultet vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi va 1944-1945-o‘quv yilida fizika-matematika fakulteti qoshida “Tabiyot-geografiya” bo‘limi ochildi. Bo‘lim qoshida zoologiya, kimyo, botanika, geografiya kafedralari faoliyat ko‘rsatdi. 1953-yilda Tabiyot-geografiya bo‘limi fizika-matematika fakulteti tarkibidan chiqarilib, yangidan mustaqil fakultet sifatida ish boshladi. 1959-yilga kelib esa fakultet qoshida Biologiya va qishloq xo‘jaligi asoslari bo‘limi va qishloq xo‘jalik asoslari kafedrasi ochildi. Fakultet Tabiyot-geografiya va agropedagogika fakulteti nomi bilan atala boshlandi. 1961-yilda V.G.Belinskiy nomidagi kechki Toshkent davlat pedagogika instituti Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti bilan birlashtirildi va fakultet qoshida Odam va hayvonlar anatomiyasi va fiziologiya, Iqtisodiy geografiya, Biologiya o‘qitish metodikasi kafedralari ham tashkil etildi. 1963-yilga kelib fakultet qayta Tabiyot-geografiya fakulteti nomini oldi va bu davrda kunduzgi bo‘limda uchta: Kimyo-biologiya, Biologiya va qishloq xo‘jaligi asoslari, Geografiya-biologiya mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlana boshlandi. Fakultetda o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi akademik Yu.T.Toshpo‘latov; professorlar: R.K.Qodirov, I.A.Qalandarov, R.L.Yugay, R.A.Axmedov, X.Vaxobov, A.Zikriyaev, O.A.Mo‘minov, dotsentlar: I.A.Norbekov, M.K.Xabirova, A.L.Umarova, J.Fayozov, G.R.Asanov, S.M.Xudoyqulov, R.Xudoyberganov, M.K.Xabirova, M.Mirboboev, Q.S.Samadov, M.Uzoqova, M.Usmonov, T.Is’hoqov (20 yildan ortiq dekan o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan), S.X.Fayziyev, U.X.Xoldorov, I.Inog‘omov, T.B.Abdullayev, O.N.Nosirov, M.Mahkamov, T.N.Azimov, M.Alimov, R.Solixov, S.K.Xabirova, M.Salixova, T.T.Oyxo‘jayev, B.Mirtursunov, G‘.S.Usmonov, N.K.Qodirova, katta o‘qituvchilar: S.Bakirxonova, X.Gavsutdinov, M.Abduvahobova, B.Qorabolayev, O.Otaxo‘jayeva, M.Yunusova, Z.Shomuratova, M.Mirvaxidova, A.M.Qo‘chqorov. A.Qo‘chqorov, Z.Egamberdiyev, T.Akromxo‘jayev va boshqalar sermahsul faoliyat olib borgan. Bugun respublikamizning turli hududlarida mehnat qilayotgan, balki keksalik gashtini surayotgan hamkasblarimizni minglab shogirdlar minnatdorchilik so‘zlari bilan yodga oladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi qo‘lga kiritishi bilan butun mamlakatimiz hayotida bo‘lgani kabi universitet, fakultet jamoasi hayotida tub burilishlar ro‘y berdi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida zamon talablariga javob bera oladigan, erkin fikrlaydigan, har tomonlama barkamol, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida hamda Kimyo, biologiya, geografiya va qishloq xo‘jaligi asoslari ta’lim yo‘nalishlari ochilishi munosabati bilan fakultetdagi kafedralar optimallashtirildi - Biologiya va uni o‘qitish metodikasi, Kimyo va uni o‘qitish metodikasi, Botanika, zoologiya va tabiatni muhofaza qilish, Anatomiya, fiziologiya va gigiyena, Geografiya o‘qitish metodikasi kafedralari tashkil topdi. 1996-yilda Tabiiy geografiya va Iqtisodiy geografiya kafedralari birlashtirilib, Geografiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi, zoologiya va anatomiya, fiziologiya kafedralari birlashtirilib, zoologiya va anatomiya, fiziologiya kafedrasi tashkil etildi. 1997-yilda biologiya yo‘nalishidagi uchta: Zoologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi; Botanika, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish hamda Biologiya va uni o‘qitish metodikasi -kafedralari birlashtirilib, yangi tashkil topgan kafedraga Biologiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi nomi berildi. 1998-yil 24-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutiga universitet maqomi berilishi munosabati bilan fakultet Tabiyot fanlari fakulteti deb nomlangan. 2010-yildan boshlab "Tabiiy fanlar" fakulteti deb yuritilmoqda.

Rahbariyat

Tabiiy fanlar fakulteti dekani Saparov Qalandar Bog`lanish uchun telefon: 276-79-68 Email: saparov.q@tdpu.uz, ka_biologiya@mail.ru