Sirtqi (maxsus sirtqi) bo'limi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilimlar berish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro maydonda munosib о‘rin egallashi uchun sharoit yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilimlar berish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro maydonda munosib о‘rin egallashi uchun sharoit yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarga sifatli ta’lim berish asosida ularni intellektual, estetik va jismoniy barkamol rivojlantirish, ularga ta’lim va tarbiya berayotgan o‘qituvchilarning yuqori malakaga ega bo‘lishini ta’minlash bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlar belgilab berildi.

Oliy ta’lim tizimida umumta’lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun zamonaviy o‘qitish usullarini egallagan o‘qituvchilarni tayyorlash orqali ushbu muassasalarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, ularda dars berayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3183-son qarori aynan shu vazifani hal qilishga yo‘naltirilgan.

Qaror asosida 2017-2018 o‘quv yilidan respublikamizning 15 ta oliy ta’lim muassasasida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etildi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizning chekka tumanlarida, qishloq joylarida faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning o‘zlari istiqomat qilayotgan viloyat markazlaridagi oliy ta’lim muassasalarida oliy ma’lumot olishlari uchun sharoit yaratdi.

Qarorda, jumladan, quyidagilar belgilab qo‘yilgan:

- oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi; 

- maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. 

- maxsus sirtqi bo‘limda o‘qiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtida ularning oylik maoshlari asosiy ish joyida saqlangan holda bir o‘quv yilida ikki marta bir oydan o‘quv ta’tillari beriladi. Bunda, o‘quv ta’tillari qoida tariqasida umumta’lim muassasalaridagi qishki va yozgi ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi ham saqlanib qoladi;

- talabalarning oliy ta’lim muassasasida o‘qishda bo‘lgan davriga to‘g‘ri keladigan dars soatlari o‘qishga yuborgan ta’lim muassasasining o‘qituvchilari (xodimlari) tomonidan mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari asosida o‘tiladi;

- maxsus sirtqi bo‘lim talabalari o‘qishga kirishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasida o‘qishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yo‘llanmasida ko‘rsatilgan ish joyida (ta’lim muassasasida) besh yildan kam bo‘lmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi;

- pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berish sirtqi ta’lim shaklida tashkil etiladi, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan (o‘quv rejalardagi fanlar farqidan qat’i nazar) kamida 3 yil muddat etib belgilangan.

Maxsus sirtqi ta’lim bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uch yil mobaynida ishchi o‘quv rejada belgilangan 864 auditoriya soati va 6480 mustaqil ta’lim soati miqdorida o‘quv yuklamalarini bajaradi. O‘quv yillari davomida o‘quv fanlaridan kurs ishlari (2 ta) va gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar, xorijiy tildan yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradilar hamda bitiruv malakaviy ishi himoya qiladilar. 

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda ta’lim yo‘nalishi ishchi o‘quv rejasini to‘liq bajargan, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan va bitiruv malakaviy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan bitiruvchiga Davlat attestatsiya komissiyasining qarori asosida «bakalavr» darajasi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi bakalavr diplomi beriladi.

Qarorga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo‘lim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari hamda o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilangan va uning huzurida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash tashkil qilingan.

Muvofiqlashtiruvchi Kengashning 2017 yil sentyabr oyidagi respublikaning maxsus sirtqi bo‘lim tashkil etilgan 15 ta oliy ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari hamda TDPU maxsus sirtqi ta’lim bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari mutaxassis chiqaruvchi kafedra mudirlari ishtirok etgan yig‘ilishda maxsus sirtqi bo‘limlar faoliyatiga oid normativ o‘quv hujjatlar xususida fikr almashildi. 

OO‘MTV 2017 yil 24 avgustdagi 603-sonli buyrug‘i bilan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari malaka talablari, o‘quv rejalari, o‘qitiladigan fanlarning o‘quv dasturlari asosida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi ta’lim uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining ishchi o‘quv rejalari va ishchi o‘quv fan dasturlari tasdiqlandi. 

Hozirda maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalari ishchi o‘quv rejalari va ishchi o‘quv fan dasturlari, ta’lim yo‘nalishlari zarur o‘quv adabiyotlari bilan to‘liq ta’minlangan. 

Prezidentimizning “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha OO‘MTV 2017 yil 12 avgustdagi 559-son buyrug‘i hamda Nizomiy nomidagi TDPU rektorining 2017 yil 17 avgustdagi 554-U-sonli buyrug‘i imzolandi.

Mazkur buyruqlar asosida universitetda maxsus sirtqi bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo‘lim boshlig‘i lavozimida Sh.Abduraimov, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan muovini lavozimida A.Yoqubov faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Maxsus sirtqi bo‘limda o‘quv jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 noyabrdagi “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 930-son Qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq tashkil etilgan. 

Hozirgi kunda bo‘limda 8 ta: 5110800 - Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, 5110900 - Pedagogika va psixologiya, 5111700 - Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish, 5111800 - Maktabgacha ta’lim, 5111900 - Defektologiya, 5111100 - Musiqa ta’limi, 5112100 - Mehnat ta’limi, 5112000 - Jismoniy madaniyat maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlanmoqda.

Bo‘limda dars berish uchun universitetning yuqori salohiyatga ega 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchisi jalb qilingan.

Talabalarni masofadan turib o‘qitish uchun on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida videoma’ruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini o‘tkazish) va off-layn (masofadan turib o‘qitish tizimidagi tegishli o‘quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o‘zlashtirish) rejimlarida ishlovchi o‘quv jarayoniga moslashuvchi veb-tizim yaratildi va talaba.tdpu.uz internet manzili orqali maxsus sirtqi bo‘lim talabalarining asosiy ish joyidan ajralmagan holda masofadan turib o‘quv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish imkoniyati yaratildi. 

 

 

Mavzuga oid