Boshlang`ich ta`lim va jismoniy madaniyat

Fakultet Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida 1935-yilda Pedagogika nomi bilan tashkil etilgan. 1957-yildan Pedagogika fakulteti boshlang‘ich sinf о‘qituvchilarini tayyorlay boshladi.

Fakultet Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida 1935-yilda Pedagogika nomi bilan tashkil etilgan. 1957-yildan Pedagogika fakulteti boshlang‘ich sinf о‘qituvchilarini tayyorlay boshladi.

Boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakulteti 1935-yilda Toshkent davlat pedagogika instituti tarkibida  pedagogika fakulteti  nomi bilan faoliyat  yurita boshlagan. 

Pedagogika fakultetida  dastlabki yillarda  maktablar uchun pedagogika va psixologiya  o‘qituvchilari, shuningdek, xalq ta’limi tizimi uchun inspektorlar, metodistlar, maktabgacha tarbiya muassasalarining tarbiyachilarini yetishtirib borish vazifasi yuklatilgan.

Fakultetga dastlab taniqli psixolog, o‘quv tarbiya  jarayonining mohir tashkilotchisi Platon Ivanovich Ivanov rahbarlik qilgan. U davrda fakultetda bitta “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mavjud bo‘lgan va kafedrada taniqli  olimlardan professor K.Bendrikov, dotsentlar V.Lubensov, V.Morozov, K.Radayev, Sh.Boyturova, N.Konstantinovalar  ta’lim-tarbiya jarayonini olib borganlar. 

1941-yilda fakultetda “Psixologiya” kafedrasi tashkil etilgan. 1951-yilning oktabr oyidan “Maktabgacha  tarbiya” kafedrasi tashkil etilgan. 1957-yildan boshlab esa xalq ta’limi tizimi uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tayyorlana boshlandi. 1958-yilda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini tayyorlash sifatini yanada yaxshilash maqsadida fakultetda “Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi”  kafedrasi tashkil etildi. Bu kafedrani turli yillar davomida  N.Zubairova, I.Xusanxodjaev, O.To‘rayeva, M.Umarov, A.Azizova,  K.Qosimovalar boshqarib keldilar.

Fakultet 1975-1983-yillarda “Boshlang‘ich ta’lim va defektologiya” fakulteti nomi bilan  yuritila boshladi. Shu yillarda fakultetda pedagogika fanlari doktori professor  R.Mavlonova  dekan lavozimida faoliyat olib borgan. 

1983-1990-yillarda esa fakultet “Pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi” fakulteti nomi bilan faoliyat olib borgan. Bu davrda fakultetga dotsent S.Nurmatov(1984-1985-yillar), falsafa fanlari  nomzodi, dotsent S.Valiyeva (1986-1994), pedagogika fanlari nomzodi, dotsent R.Qobilov (1994-1998-yillar), pedagogika fanlari nomzodi, professor L.Mo‘minova (1998-1999 yillar), 2000-2006 yillarda pedagogika fanlari doktori, professor M.Xaydarov, 2006-2007-yillarda dotsent L.Nurmuxammedovalar fakultet dekani sifatida faoliyat olib bordilar.

2007-yilda fakultet negizida “Boshlang‘ich ta’lim” va “Defektologiya” fakultetlari tashkil etildi va “Boshlang‘ich ta’lim” fakultet dekani sifatida  filologiya fanlari nomzodi, dotsent D.Shodmonqulova faoliyat yuritdi (2007-2014). 

2013-yildan boshlab fakultet Boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakulteti sifatida qayta tashkil etildi. Fakultetga 2014-2016-yillarda pedagogika fanlari doktori, professor B.Abdullayeva, 2016-2017-yillarda  pedagogika fanlari nomzodi, dotsent A.Sadikovalar rahbarlik qildilar. 

2016-2017-o‘quv yilidan boshlab "Musiqa ta’limi" ta’lim yo‘nalishi fakultet tarkibiga kiritildi va  2017-yil 29-noyabrdan boshlab pedagogika fanlari doktori  

 A.Akramov  dekan lavozimiga tayinlandi.

   Hozirgi kunda Boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakultetida bo‘lajak boshlang‘ich sinf, jismoniy tarbiya, musiqa o‘qituvchilarini innovatsion faoliyatga tayyorlash bo‘yicha ko‘pgina ishlar olib borilmoqda.   

   Fakultetda o‘zbek, rus va qozoq tillari bo‘yicha “5111700 – Boshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ish”, “5111100 – Musiqa  ta’limi”,  “5112000 –  Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hamda  “5A111701 – O‘quv-tarbiya nazariyasi va metodikasi (boshlang‘ich ta’lim)”, “5A112001 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlab kelinmoqda. 

2017-2018-o‘quv yilida Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish, jismoniy madaniyat, musiqiy ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiydigan 684 nafar talabalar bilan  o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi. 

Fakultetda yuqori malakali pedagoglarni tayyorlashda, “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi”, “Jismoniy madaniyat”, “Musiqa ta’limi” kafedralarida 60 dan ortiq professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda.   

 Ulardan 4 nafari fan doktori, professor; 30 nafari fan nomzodi, dotsentlar; shuningdek, 25 dan ziyod katta o‘qituvchi va o‘qituvchilar hisoblanadi. Bugungi kunda fakultet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati 57 foizni tashkil etmoqda.

Boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat  fakultetida  mehnat qilayotgan tajribali professor-o‘qituvchilar: D.Shodmonqulova,  B.Abdullayeva, M.Hamroyev, A.Xalikov, M.Jumayev, X.Sanakulov, A.Sadikova, N.Voxidova, M.O‘razova, N.Xamedova, D.Abduraximova, Z.Artikbayeva, N.Muxiddinova, A.Nisanbayeva, D.Aytboyevlar boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, D.Karimova, Q.Panjiyev, Sh.Raximov, M.Ilxomov, D.Qodirovlar musiqiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, U.Rajapov, D.Yunusova, T.Achilov va boshqalar jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimi va umumiy  o‘rta maktablarida o‘qitiladigan fanlardan tayyorlangan ko‘pgina darslik va o‘quv qo‘llanmalarining mualliflaridir. Fakultetda talabalarning ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulotlar televizor, proyektor, kompyuterlar bilan jihozlangan 29ta o‘quv auditoriyalarida tashkil etilmoqda. 

Shuningdek, fakultet qoshida “Yosh matematik”, “Jas tilshi”, “Mohir qo‘llar”, “Vokal ijrochiligi, Garmoniya”  “Yosh musiqashunoslar”, “Kurash”, “Voleybol” va “Futbol” kabi bir necha nomdagi to‘garaklar faoliyat olib bomoqda. Ayniqsa, Musiqa ta’limi kafedrasi qoshida tashkil etilgan to‘garak  va “Oltin meros” xalq ansamblida ishtirok etayotgan  talabalar Germaniya Federativ Respublikasinig Frayburg universiteti, Xitoy Xalq Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbek-German do‘stlik jamiyatida o‘tkazilayotgan tanlovlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etishmoqda.

Fakultetni “Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish” ta’lim yo‘nalishi bakalavriaturasi bitiruvchisi R.Sadikov 2017-2018-o‘quv yilida Belarus davlat pedagogika universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilindi. 

“Musiqa ta’limi” ta’lim yo‘nalishi bakalavriaturasi bitiruvchisi  N.Ishanxodjayev 2018-2019-o‘quv yilida Xitoyning Sian universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilindi.

Bugungi kunda fakultetning bitiruvchilari respublikamizdagi va yaqin xorij mamlakatlaridagi umumiy o‘rta ta’lim tizimida samarali pedagogik faoliyat olib borishmoqda.