Amalga oshirilga ishlar

Tafsilot

Batafsil

NIZOMIY NOMIDAGI TOShKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI TA’LIM SIFATINI NAZORAT QILISH BO‘LIMI TOMONIDAN 2017-2018 O‘QUV YILIDA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR

 

1. Nizomiy nomli TDPU tarkibida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi tashkil etilganligi to‘g‘risida 2018 yil 15 yanvar kuni universitetning navbatdan tashqari Kengashida e’lon qilindi va universitet tarkibiy tuzilmasi tarkibiga kiritildi. Bo‘lim Nizomi, bo‘lim xodimlarining lavozim yo‘riqnomalari va 1 chorak ish rejasi ishlab chiqildi va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlandi.

2. Universitet veb-saytida talabalar, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, kadrlar istemolchilarining ta’lim  jarayoni sifatini oshirishga qaratilgan fikr va takliflarini o‘rganib borish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limining ta’lim sifati rukni tashkil qilindi. Bo‘limning veb sahifasining linki Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etildi. 

3. Bo‘limning faoliyati uchun zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlar nomenklaturasi shakllantirildi. Belgilangan tartibda yuritilishi tashkil etildi. 22 nomda hujjatlar yig‘ma jildi shakllantirildi.

4. Universitet rektorining 26.01.2018 yildagi 71-u sonli burug‘iga asosan ekspertlar guruhi shakllantirildi. Bo‘limning tasdiqlangan ish rejasiga asosan bo‘lim xodimlari va tuzilgan ekspertlar bilan birgalikda joriy yilning 26-30 yanvar kunlari universitet, fakultetlar, kafedralar va tegishli bo‘limlarning ish rejalari tahliliy o‘rganildi. O‘rganish natijasida tarkibiy tuzilmalarning ish rejalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. O‘rganish jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ekspertlar tomonidan berilgan taklif va mulohazalar  umulashtirilib,    universitet rektoriga taqdim etildi.

5. Joriy yilning 10-15 fevral kunlari universitetda faoliyat yuritayotgan fakultetlar va ulardagi kafedralarda  o‘quv jarayonining DTS, malaka talablari, o‘quv rejalari, fan dasturlari, ishchi o‘quv rejalari va ishchi fan dasturlari bilan ta’minlanganlik holati o‘rganildi. O‘rganish jarayoniga  universitetning  tajribali professor-o‘qituvchilari ekspert sifatida jalb etildi. O‘rganish jarayonida talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun  Tabiiy fanlar fakultetining Kimyo, Zoologiya-anatomiya, Geografiya va uni o‘qitish metodikasi, Botanika kafedralarida, shuningdek, Kasb ta’limi fakultetining Kasb ta’limi metodikasi, Tasviriy san’at va uni o‘qitish metodikasi, Muhandislik grafikasi va uni o‘qitish metodikasi kafedralarida  o‘quv-labaratoriya (ustaxona)lariga ehtiyoj  mavjudligi aniqlandi.  O‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar, muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar universitet rahbariyatiga  kiritildi.

6. Universitetning fakultet va kafedralarida faoliyat yuritayotgan professor–o‘qituvchilarga o‘quv  yuklamalarining to‘g‘ri taqsimlanishi va ularning yarim yillik shaxsiy ish rejalarining bajarilish holati o‘rganib chiqildi. Nazorat qilish natijasida professor-o‘qituvchilarning shaxsiy ish rejalari, ularning bajarilishi, kalendar-tematik rejalar va ularning ishchi fan dasturlariga mos kelmagan 11 nafar professor-o‘qituvchilarga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Kafedralar professor-o‘qituvchilarining shaxsiy ish rejalari, kalendar-tematik rejalar va ularning ishchi fan dasturlariga mosligi ta’minlandi.

7.  Bo‘lim tomonidan 2018 yil 7 mart kuni Ma’naviyat va axborot soatlarining tashkil etilishi va o‘tkazilish holati o‘rganildi. O‘rganish natijasida guruh murabbiylari tomonidan Ma’naviyat va axborot soatlari o‘tilmayotganligi hamda talabalarning mashg‘ulotlarga qatnashmaganligi sababli universitet rektorining 135-PO‘ buyrug‘i asosida 13 nafar professor-o‘qituvchiga ogohlantirish, 7 nafar professor-o‘qituvchiga xayfsan berildi. O‘quv  yuklamalarining taqsimlanishi va yarim yillik shaxsiy ish rejalarining bajarilishi, “Vaqt me’yorlari” bo‘yicha professor-o‘qituvchilarning fikr-mulohozalari inobatga olinib, kamchilik va muammolarni bartraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar universitet rahbariyatiga kiritildi.

8. Har bir kafedra kesimida ta’lim jarayoni moddiy-texnik bazasining holati (laboratoriya jihozlarining zamonaviyligi, yaroqlilik muddati, zarur moddiy ashyolar bilan ta’minlanganligi va h.k.) tahlil qilindi, tegishli takliflar berildi.

9. Universitetda faoliyat yuritayotgan professor–o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati kafedralar kesimida tahliliy o‘rganildi.Universitetda asosiy shtatda 432 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Professor-o‘qituvchilarning 154 nafari fan nomzodi va 27 nafari fan doktorlari bo‘lib, ilmiy salohiyat 42 foizni tashkil etadi.

Universitet professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati bo‘yicha yagona xulosa tayyorlanib, muammo va kamchiliklari va uni bartaraf etish yuzasidan universitet rahbariyatiga takliflar kiritildi.

 

10. Universitet kafedralarida 2017-2018-o‘quv yilida ochiq darslarning jadval asosida tashkil etilishi va o‘tkazilishi o‘rganildi.  O‘rganish jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar universitet rektoriga taqdim etildi.2-yarim yil grafigi ishlab chiqildi, rasmiylashtirildi va ijrosi nazoratga olindi. Bo‘lim tomonidan joriy yilning aprel –iyun oylarida universitet professor-o‘qituvchilarning 105 ta  dars mashg‘uloti tahlil qilindi. Shuningdek 2017-2018 o‘quv yilining 2-yarim yilligida universitetning 33 ta kafedralarida tashkil etilgan ochiq dars mashg‘ulotlari tizimli ravishda o‘rganib borildi.

Takliflar: Kafedra mudirlari tomonidan ochiq dars mashg‘ulotlarini tasdiqlangan jadval asosida o‘tishni qat’iy nazoratga olish. Ochiq dars mashg‘ulotlariga  kamida 2 nafar ekspertlar  ishtirok etishini ta’minlash.      Professor-o‘qituvchilarning o‘zaro darslarga kirishini ( dars tahlili) nazoratga olish.Ochiq dars mashg‘ulotlari muhokamasini o‘rnatilgan tartibda o‘tkazish va bayonlashtirish. Dars mashg‘ulotlarida AKTdan foydalanish samaradorligini oshirish va talabalarni aniq ko‘rishlari maqsadida  o‘quv xonalarida  derazalarning bir qismida maxsus pardalar qo‘yilishini tashkil etish.

      Ochiq dars mashg‘ulotlarini tashkil etish, sifatini baholash bo‘yicha Nizom ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish. 

 

11. Universitetning barcha kafedralarida  mustaqil ta’limning tashkil etilganligi o‘rganildi. Aksariyat kafedralarda o‘tiladigan fanlardan  alohida  mustaqil ta’lim bo‘yicha uslubiy qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqilmaganligi, baholash mezonlari takomillashtirilmaganligi aniqlandi. Kafedralarda umumiy uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. Kafedralarda o‘qitiladigan har bir fandan mustaqil ta’limni tashkil etish va uni baholash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va baholash mezonlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yildi va nazorat qilinmoqda. Talabalarning mustaqil ta’lim olishi uchun fakultetlarda va talabalar turar joylarida tashkil etilgan kutubxona va kompyuter xonalari  holati o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha universitet rahbariyatiga takliflar kiritildi.

12. Universitetning o‘quv-uslubiy boshqarmasi bilan birgalikda  o‘tkazilgan kuzgi semestr yakunlari bo‘yicha talabalar bilimini baholash maqsadida qaydnomalar tahliliy o‘rganildi. Talabalar bilimini baholashda  reyting ballarining xolisligi, shaffofligi va sifat darajasini baholash holatlari tahlil qilindi. O‘rganish jarayonida 2017-2018–o‘quv yili kuzgi semestrida talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va nazorat turlarini topshirishi monitoring mexanizmlari takomillashtirildi.

13. Universitet bakalavriat yo‘nalishlarida BMIlarning oxirgi 3 yilligi fakultetlar kesimida o‘rganib chiqildi. Universitet magistrlik dissertatsiyalari mavzulari davlatimizning ilmiy tadqiqot masalalarining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi mezonidan kelib chiqib tanlab olingan. Barcha mutaxassis tayyorlovchi kafedralarda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari banki  mavjud bo‘lib,  mavzular yildan yilga boyitilib, tahrir qilib borilgan. Jumladan: 1. 2015-2016 o‘quv yilida 24 ta mutaxassislik bo‘yicha 109 nafar talaba tamomlagan; 2. 2016-2017 o‘quv yilida 25 ta mutaxassislik bo‘yicha 121 nafar talaba tamomlagan; 3. 2017-2018 o‘quv yilida 24 ta mutaxassislik bo‘yicha 73 nafar talaba tamomlaydi. Oxirgi 3- yillik mavzularni tahlil qilinganda, mavzular bo‘yicha yildan – yilga takrorlanish holatlari mavjud emasligi aniqlandi. Universitetda  magistrlik dissertatsiyasi mavzularini ilmiy jihatdan to‘g‘ri tanlanganligi va tahrir qilinganligi masalasi rektor huzuridagi yig‘ilishda muhokama qilingan. 2017-2018 o‘quv yilida 1-bosqich magistrlarining mavzularining to‘g‘ri tanlanganligi, dolzarb muammolar yechimiga qaratilganligi nuqtai nazardan   rektor huzurida tasdiqlangan jadval asosida oktyabr oyida  2-hafta davomida to‘liq tahlil qilinib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi, ijrosi nazoratga olindi.

14. Mutaxassislik fanlarining chet tilida o‘qitilishi va OTMdagi rag‘batlantirish mexanizmlarining mavjudligi o‘rganildi. Universitetda 15 ta fanlar chet tilida o‘qitiladi. O‘qitiladigan fanlarning dars jadvali, mashg‘ulotlarni olib boradigan o‘qituvchilar ro‘yxati, o‘tilish vaqti, auditoriyasi, kursi, talabalar soni guruhlar kesimida aniqlangan. 

15. 19-24 fevral 2018 yil ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi ishchi guruhi bilan hamkorlikda universitetda ichki attestatsiya tadbirlari amalga oshirildi. Natijada maxsus jadvallar asosida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi, me’yoriy asoslari bilan birgalikda universitet reytingi bo‘yicha ma’lumotlar tayyorlandi, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar shakllantirildi. Davlat inspeksiyasi va universitet rektoriga taqdim etildi.

16. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi faoliyati o‘rganilganda quydagi holatlar aniqlandi. Bo‘lim nizomi 2017-yil 30-avgustda asdiqlangan. Nizomda iqtidorli yoshlar bilan olib boriladigan ishlar yetarlicha aks ettirilmagan  Ma’naviyat-ma’rifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘limi xodimlarining lavozim vazifalari taqsimoti 2016 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, qayta ishlab chiqilmagan. Bo‘lim boshlig‘i va 3 nafar metodistlarning lavozim vazifalarida iqtidorli yoshlar bilan ishlash masalalari kiritilmagan. Bo‘lim boshlig‘i vazifalari taqsimotining 11-bandida “Kamolot YoIH tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirish” jumlasi “Yoshlar ittifoqi” so‘zlari bilan almashtirilmagan. Bo‘limda Iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida ish reja mavjud emas. O‘rganish jarayonida “Universitetning ma’naviy-ma’rifiy ishlar va iqtidorli yoshlar bilan ishlash” ish rejasi shakllantirildi. Bo‘lim tomonidan amalga oshiriladigan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmagan.  Iqtidorli talabalar bilan olib borilayotgan ishlar sifatini va samaradorligini oshirishga qaratilgan bandlar ish rejada aks ettirilmagan. (Rejaga asosan amalga oshirilgan ishlarning natijasi monitoring qilinmagan va rasmiylashtirilmagan). Bo‘limning Iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida kompleks chora-tadbirlar rejasi  ishlab chiqilmagan. Iqtidorli talabalarni aniqlash va tanlab olishning ilmiy asoslangan mezonlari ishlab chiqilmagan. 2017-2018 o‘quv yilida universitet iqtidorli talabalari banki shakllantirilgan. Universitet bo‘yicha iqtidorli yoshlar soni 94 nafarni tashkil etadi. Bu jami universitet talabalar soniga nisbatan (4794 nafar) 1,96 %ni tashkil qiladi xolos.

17. 4 kurs talabalarining maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta maktablar, akademik litsey va kasb hunar kollejlaridagi malakaviy pedagogik amaliyotining o‘tkazilishi tahliliy o‘rganildi. Pedagogik amaliyot sifatini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlanib, har haftada universitetning apparat yig‘ilishiga ma’lumot kiritib borildi.

18. 2018 yil 13-15 mart kunlari universitetda ta’lim olayotgan talabalar tomonidan professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash maqsadida anketa so‘rovnoma o‘tkazildi. Anketa so‘rovnomada jami talabalarning 10 foizi ya’ni      550 nafar  talabalar ishtirok etdi. So‘rovnoma natijalari tahlil qilinib, natijalari universitet rektoriga havola etildi.

19.  Davlat inspeksiyasining 2018 yil 5 martdagi 79-sonli  byrug‘iga asosan Jizzax pedagogika institutini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhiga kiritilgan universitetning 6 nafar professor-o‘qituvchilarni Jizzax viloyatiga xizmat safariga yuborish bo‘yicha  buyruq loyihasi tayyorlandi. Ularni Jizzax viloyatiga yetib borishlari ta’minlandi.

20. Universitetning magistratura bosqichida o‘quv-tarbiyaviy, ilmiy-pedagogik faoliyat samaradorligi va uni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala o‘rganildi Magistraturadagi ta’lim sifatining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarda talab qilinayotgan malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadlariga mosligini ta’minlash maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshirish taklif etildi: magistratura ilmiy-ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangilash va zamonaviy tashkiliy shakllarni joriy etish asosida yanada takomillashtirish; pedagog kadrlarning kasb mahorati sifati va saviyasini uzluksiz yuksaltirish, xorijda pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkasini o‘tkazish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish; magistrlarni innovatsion loyihalar, grantlar va boshqa ijodiy ishlarga jalb etish, ularga ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi korxonalari, dehqon, fermer va boshqa xo‘jaliklar bilan aloqalarni kengaytirish hamda ularga ilmiy-texnik yordam uyushtirish; magistraturada ta’lim xizmatlari sohasini rivojlantirish; chet ellik hamkorlar, ilmiy va ta’lim muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish, respublika va xorijiy investitsiyalarni ta’lim jarayoniga jalb qilish. magistrlik dissertatsiyalarining mazmuni va amaliy ahamiyatini takomillashtirishda ilmiy rahbar va kafedra mudirining shaxsiy javbogarligini oshirish; magistrantlarning ilmiy nashrlarda ilmiy ishlarini chop etishlariga amaliy yordam tashkil etish. Kafedralar qoshidagi ilmiy-nazariy seminarlarda magistrantlarning  ilmiy-tadqiqot ishi natijalarini muntazam ravishda muhokama qilib borish; magistrlik dissertatsiyalariga sohaning yetuk bir nafar fan doktorining taqrizini olgandan keyin himoyaga ruhsat berish tizimini joriy etish. Magistraturaga talabalarni qabul jarayonida kafedra tavsiyasini ham e’tiborga olish; Magistrantlarda mustaqil ishlash faoliyatini kuchaytirish; Magistrlarning kafedralar qoshidagi ilmiy seminarlarda muntazam qatnashishlarini ta’minlash;          Kafedralarda magistrantlarning IPI va ITIlarning bajarilishi nazorati monitoringini kuchaytirish; Magistrlarni ishlashi uchun fakultetlarda auditoriya ajratish; Har o‘quv yilida universitet miqyosida magistr talabalarning ilmiy ishlari to‘plamlarini nashr qilish; Iqtidorli va ishlash hoxishi bo‘lgan bitiruvchi magistrlarni kafedraga ishga joylashtirish. shbu masala universitet kengashida muhokama etilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

21. TDPU huzuridagi XTXQTMOXMda 2018 yil 30 mart kuni “Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi” kasbiy qayta tayyorlov kursi bo‘yicha 1-juftlikda dars mashg‘ulotlarini monitoring qilish jarayonida quyidagilar aniqlandi. “Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi” kasbiy qayta tayyorlov kursi 7-guruhida Valeologiya  fanidan o‘qituvchi kelmaganligi (Tabiiy fanlar fakulteti o‘qituvchisi M.Ongarov) sababli dars mashg‘uloti  o‘tilmadi. (O‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha  direktor  o‘rinbosari A.Akmalovning tushuntirish xati olindi). 1-juftlikda  o‘rganilgan 16 ta guruhdagi jami 364 nafar (36 ta tinglovchiga tinglovchilar safidan chiqarish to‘g‘risida bildirishnoma berilgan) tinglovchidan 86 nafar tinglovchilar dars mashg‘ulotlariga qatnashmadi. O‘rtacha davomat 76,3 foizni tashkil etdi. Maktabgacha pedagogika fanidan 14-guruhda (o‘qituvchi D.Saidova) va 16-guruhda (o‘qituvchi Qidirboeva) axborot texnologiyalaridan foydalanmasdan dars mashg‘ulotlari o‘tilmoqda. “Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi” kasbiy qayta tayyorlov guruhlaridagi jurnallarning yuritilishi bo‘yicha  muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi va nazorati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, universitet rektorining 2018 yil 23 fevraldagi  “Maktabgacha ta’lim muassasalari uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslarini tashkil qilish va tinlovchilar safiga qabul qilish haqida”gi 139-U-sonli buyrug‘i asosida qayta tayyorlash kursiga qabul qilingan tinglovchilarning  hujjatlari o‘rganildi. O‘rganish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlandi. Kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabul qilingan  tinglovchilarning hujjatlari majmuasida 2018 yil 23 fevraldagi  139-sonli buyruqning  4-bandi 1 - so‘z boshi ijrosi to‘liq bajarilmagan (tinglovchilar diplomlari asl nusxasi va yashash joyidan ma’lumotnoma yo‘q). Ushbu ma’lumotlar universitet rektoriga 30.03.2018da taqdim etildi.

22. 2018 yil 31 mart kuni “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi bo‘yicha universitet prorektorlari tomonidan taqdim etilgan taklif, fikr-mulohazalar umumlashtirilib, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ap@tdi.uz elektron manziliga yuborildi.

23. Universitet tarkibiy bo‘linmalar ish rejalarining bajarilishi nazorat qilinadi, ma’lumotlar umumlashtirildi va tegishli takliflar o‘rnatilgan tartibda universitet rahbariyatiga (universitet kengashiga) kiritildi.

24. Kafedralarning yillik ish rejalarini takomillashtirish  tadbirlari amalga oshirildi va quyidagi takliflar ishlab chiqildi: Kafedralar ish rejalarini universitet soha prorektlorlarining yillik ish rejalarida aks etgan masalalar asosida shakllantirish. Kafedra ish rejasini shakllantirganda  iqtidorli talabalar bilan ishlash masalasiga e’tibor qaratish. Kafedralarda mavjud  ilmiy-amaliy muammolarni bajarishiga qaratilgan masalalarni kafedraning  ish rejasiga kiritish. Professor – o‘qituvchilar tomonidan yozilgan  ilmiy ishlar sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchilar tomonidan yozilgan ilmiy maqolalar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalarni tanqidiy muhokama qilish masalasini ish rejasiga kiritish. Professor-o‘qituvchilar tomonidan  rejadan tashqari bajarilgan ishlar uchun ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish masalasini ish rejaga kiritish. Kafedralar ish rejasini shakllantirishda fan to‘garaklari faoliyatini takomillashtirishga e’tibor qaratish (fan to‘garaklari ma’naviyat ishlari bo‘limiga kiritilganligi sababli nazardan chetga qolmoqda). Kafedralarning yosh mutaxassis o‘qituvchilarini  ilmiy  ishlarga keng jalb etish va kafedralarning  ilmiy salohiyatini oshirish. Kafedralar professor-o‘qituvchilarining o‘zaro darslarga kirishini (dars tahlili) nazorat qilish. Professor-o‘qituvchilarga mustaqil ishlari uchun sharoit yaratish choralarini ko‘rish (aloxida xona ajratish, aksariyat ma’lumotlarni elektron tizimga kiritilishi talab etilayotganligi sababli  kompyuter jamlamasi bilan ta’minlashni yaxshilash). Kafedra ish rejasining bajarilishida kafedra mudirlarining mas’uliyatini oshirish; Kafedra mudirlarining universitet elektron tizimi orqali berilayotgan ta’lim sifatini oshirishga oid rektor buyruqlari, universitet kengashi qarorlari, ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi topshiriqlarini uzluksiz va sifatli bajarib borishda javobgarligi va mas’uliyatini oshirish.

25. Professor - o‘qituvchilar shaxsiy ish rejalarining o‘quv yili yakunlari bo‘yicha bajarilishi o‘rganildi.

26. Universitetda 2017-2018 o‘quv yilining 2-yarim yilida ko‘p dars qoldirgan talabalar ro‘yxati shakllantirildi, ularga ko‘rilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi, davomati past  talabalarning fanlarni o‘zlashtirishi nazorat ostiga olindi.  

27. Bakalavriat (magistratura) bitiruvchilari uchun o‘tkaziladigan YaDA (DAK) faoliyatiga tayyorgarlikning borishi, ushbu jarayonning qo‘yilgan talablar asosida sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishi holati fakultetlar kesimida o‘rganildi.    Takliflar: 1. Chet tili fanidan YaDAsi test, og‘zaki suhbat, yozma  shakllardan iborat ko‘p bosqichli baholash metodikasi asosida tashkil etish; 2. Nomutaxassislik ta’lim yo‘nalishlarida dars berayotgan Chet tili   o‘qituvchilarining til bilish, pedagogik mahorati va metodik kompetentlik  darajasini aniqlash va baholash.

28. O‘quv yilida professor- o‘qituvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillarini o‘rganishi bo‘yicha universitetda tashkil etilgan o‘quv kurslari faoliyatining samarasi va sifatini o‘rganildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar universitet rektoriga taqdim etildi.

29. Bakalavriatura 2, 3 (4) – kurs  talabalarining yozgi o‘quv tanishuv, ishlab chiqarish va malakaviy amaliyoti va bitiruvchi kurs talabalarining bitiruv malakaviy hamda 2-kurs magistratura talabalarining malakaviy amaliyotini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. O‘rganish jarayonida ushbu amaliyotlarning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi va universitet rektoriga taqdim etildi.

30. 2017-2018 o‘quv yilida universitet professor-o‘qituvchilari faoliyatini 110 balli tizim asosida baholash ishlari bo‘lim tomonidan muvofiqlashtirib borildi. O‘quv yili yakunlari bo‘yicha universitet professor-o‘qituvchilari faoliyatining barcha yo‘nalishlari ob’ektiv baholandi. Baholash natijalariga ko‘ra universitetning eng yuqori ball to‘plagan 14 nafar professor-o‘qituvchisini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish to‘g‘risida universitet kengashiga taklif kiritildi. O‘quv yili yakunlariga ko‘ra yetarli ball to‘play olmagan, universitetda ta’lim sifatini oshirishga xayrixoxlik bildirmagan 15 dan ortiq professor-o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish to‘g‘risida taklif kengashga kiritildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

Ta’lim sifatini nazorat qilish

bo‘limi boshlig‘i:                                                A.Nurmanov