Materik, qit’a va mintaqa tushunchalarining bir-biridan farqi nimada?

Materik — Yer sayyorasining eng yirik yaxlit quruqlik qismi. U, asosan, okean va dengiz hamda qisman sun’iy gidrografik tarmoq (kanal) bilan ajralib turadigan geografik ob’ekt. Ularning soni 6 ta bo‘lib, Yevrosiyo, Afrika, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Antarktida, Avstraliya. Shimoliy va Janubiy Amerika materiklari sun’iy Panama kanali, Osiyo va Afrika materiklari esa Suvaysh kanali bilan ajralib turadi. Qit’a — Yer sayyorasining eng yirik quruqlik qismi. Materikdan farqli ravishda yaxlitlik xususiyatiga ega emas va quruqlik bilan ham chegaralanadi. Tarkibiga materik atrofidagi orollarni qamrab oladi, quruqlikda esa tabiiy geografik ob’ektlar bilan chegaralanadi. Masalan, Avstraliya materigi qit’a sifatida Tinch okeanidagi Papua Yangi Gvineya, Okeaniya, Tasmaniya, Yangi Zelandiya kabi orollarni qamrab oladi, lekin uning nomida faqatgina «Okeaniya» atamasi qo‘shib ishlatiladi. Yevrosiyo materigi Ural tog‘ining suv ayirg‘ichi va Ural daryosi bilan chegaralanadi. Shimoliy va Janubiy Amerika tarixiy geologik nuqtai nazardan yagona qit’a hisoblanadi. Qit’a ham 6 ta — Yevropa, Osiyo, Afrika, Amerika, Antarktida, Avstraliya va Okeaniyadan iborat.Mintaqa — Yer sayyorasining quruqlik yuzasi va suv akvatoriyasining o‘ziga xos tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy, harbiy ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan hududi. Mutaxassislar kishilik faoliyatining turli jihatlarini turli mintaqalarga ajratishadi. Masalan, Farg‘ona vodiysi tabiiy geografik mintaqasi shimoli-sharqda Farg‘ona, janubda Turkiston va Oloy tog‘ tizmalarining suv ayirg‘ichlari bilan chegaralangan. Ushbu mintaqaga O‘zbekiston Respublikasining Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod, O‘sh, Botken viloyatlari, Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatlari kiradi. Farg‘ona vodiysi iqtisodiy-geografik mintaqasiga esa faqat O‘zbekiston Respublikasining uchta viloyati kiradi, xolos