Universiteti Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi pedagoglar jamoasi uchun g‘oyatda mas’uliyatli davr hisoblanadi. Boshlanayotgan o‘quv yili uchun ilmiy, pedagogik hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda reja tuzish va ushbu reja asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish ma’nosida bu davr ayniqsa muhimdir.

Tafsilot

Qisqacha

Ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi pedagoglar jamoasi uchun g‘oyatda mas’uliyatli davr hisoblanadi. Boshlanayotgan o‘quv yili uchun ilmiy, pedagogik hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda reja tuzish va ushbu reja asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish ma’nosida bu davr ayniqsa muhimdir.

Batafsil

Yangi 2018-2019 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan 25 avgust kuni Toshkent davlat pedagogika universiteti Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu kengash yig‘ilishida o‘tgan o‘quv yili hisoboti tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Majlisda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’atining 2018 yil 18 iyuldagi 4-son majlisida qabul qilingan qarorlarning universitetdagi ijrosi muhokama qilindi. Mazkur masala bo‘yicha, ayni paytda mamlakatimizdagi OTM reytingida Toshkent davlat pedagogika universiteti 19 o‘rinni egallagani qayd etildi. Natijalarni yaxshilash borasida fikr almashildi.

Shuningdek, Kengash majlisida Universitet Kengashi va bo‘linmalarining 2018-2019 o‘quv yili uchun ish rejalari tasdiqlandi. Yangi o‘quv yilida universitet ta’lim jarayoniga bir qator yangiliklar kiritildi. Jumladan, ayrim fanlarni o‘qitish semetrlari o‘zgartirildi. O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor D.Ergashev taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, fakultet dekanlari tomonidan taqdim etilgan takliflar inobatga olinib, ayrim fanlarni o‘qitish semestrlari ko‘chirildi.

Maslisda yangi o‘quv yilida universitetning fakultet dekanlari va kafedra mudirlari faoliyati maxsus o‘rganilib, faolligi ijobiy baholangan rahbarlar moddiy rag‘batlantirilishi belgilab olindi. Yangi tartibga muvofiq, joriy o‘quv yilida yuqori reyting ballari bilan baholangan dekan hamda kafedra mudirlariga 15 foiz miqdorida ustama haq to‘lanadi.

Shuningdek, kengash majlisida yangi o‘quv yili uchun kengash a’zolari tomonidan universitetning talabalar turar joylari hamda qayta tayyorlash kurslariga to‘lovlar miqdori tasdiqlandi. Kengash qaroriga ko‘ra, 2018-2019 o‘quv yilida talabalar turar joylari uchun 250 000 so‘m, qayta tayyorlash kurslari uchun esa 300 000 so‘m miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.

Kengaytirilgan kengash yig‘ilishida “Universitet huzuridagi jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”, “Universitet matbuot kotibi to‘g‘risida”, “Universitet TTJ kengashi”, “Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha faoliyat yo‘nalishlari”, “Toshkent davlat pedagogika universitetining ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi to‘g‘risida” kabi bir qator Nizomlar tasdiqlandi. Kengash yig‘ilishida xorijiy talabalarni universitetga jalb etish maqsadida xorij xizmat safarida bo‘lib qaytgan professor-o‘qituvchilarning hisobotlari tinglandi. Majlis so‘ngida navbatdagi Kengash yig‘ilishining o‘tkazilish muddati belgilab olindi.

Universitet Matbuot xizmati