Sirtqi va maxsus sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha ko‘p murojaat etiladigan savollarga javoblar

Tafsilot

Qisqacha

Batafsil

1.        Savol: Sirtqi ta’lim shakllari haqida ma’lumot bersangiz?

Javob: O‘zbekistonda sirtqi ta’lim quyidagi shakllarda olib boriladi: sirtqi, maxsus sirtqi, ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berishning sirtqi shakli.

Sirtqi shaklda umumiy o‘rta (10-11-sinflar negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega bo‘lgan va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan) muvaffaqiyatli o‘tganlar qabul qilinadi.

Maxsus sirtqi shaklda faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga va ta’lim yo‘nalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yo‘nalishlari uchun pedagogik stajga) ega bo‘lgan, tegishli vazirliklar va idoralar tavsiyanomasini olgan, test sinovlaridan (kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar o‘qiydi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berishning sirtqi shaklda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan (agar xorijiy oliy ta’lim muassasasini tugatgan bo‘lsa, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjati belgilangan tartibda tan olingan (nostrifikatsiya qilingan) bo‘lishi kerak) va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar ta’lim olishi belgilangan.

2.        Savol: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda ishlaydigan talabalar o‘quv sessiyasiga qanday qatnashadi?

Javob: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim talabalariga o‘quv sessiyasida ishtirok etish uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha oylik maoshi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi. Kursda qoldirilgan talabalarga esa haq to‘lanmaydigan taklif xabarnomasi beriladi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim bitiruvchisiga yakuniy davlat attestatsiyalaridan o‘tish, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish uchun ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasi va jadvalida belgilangan muddatlarda ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha maoshi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Bitiruv malakaviy ishini yakunlash davrida bitiruvchi xizmat qilayotgan muassasa unga 30 kalendar kunlik maoshi saqlanmagan qo‘shimcha ta’til berishi mumkin. Talaba ish joyidan tashkilot rahbari va buxgalteri imzosi bilan shu davr uchun haq to‘lanmaydigan ta’tilda ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani Sirtqi (maxsus sirtqi) bo‘limga taqdim etadi.

3.        Savol: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda o‘quv jarayoni qanday tartibda tashkil etiladi?

Javob: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda o‘quv jarayoni ta’lim sohalarining davlat ta’lim standartlari va tegishli ta’lim yo‘nalishlari malaka talablari asosida tayyorlangan hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan kunduzgi ta’lim uchun tasdiqlangan o‘quv rejasi va fan dasturlari asosida tashkil etiladi.

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim talabasi uchun o‘qishga qabul qilingan o‘quv yili boshida (odatda, sentyabr-oktyabr oylarida) bevosita oliy ta’lim muassasasida 10 kunlik o‘quv jarayoni bilan dastlabki tanishtiruv hamda semestr davomida o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha qisqacha (ishchi o‘quv rejasida belgilangan hajmda) ma’ruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Talabalarga mavzular bo‘yicha topshiriqlar va ularni bajarish yuzasidan metodik ko‘rsatmalar beriladi.

4.        Savol: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda talabalar bilimini baholash tartibi qanday?

Javob: Sirtki (maxsus sirtqi) ta’limda oraliq va yakuniy baholash turlari joriy qilinadi. Oraliq baholashning mazmuni, uni bajarish usul va tartiblari hamda soni (bir o‘quv semestri davomida ikki martagacha) har bir fan bo‘yicha sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim uchun tayyorlangan ishchi fan dasturlarida belgilab beriladi va quyidagi mustaqil ish turlaridan iborat bo‘ladi: kurs (loyihasi) ishi, nazorat savollari va topshiriqlari, test-sinov savollari, keyslar, mashqlar, misol va masalalar, tajriba natijalari, ishlab chiqarish muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan maxsus metodik ishlanmalar va tavsiyalar, hisob-jadval ishlari va boshqalar. Oraliq baholash masofaviy aloqa orqali on-layn rejimida o‘tkazilishi ham mumkin.

5.        Savol: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda qancha muddat o‘qiladi?

Javob: Sirtqi shaklda kamida 5 yil, maxsus sirtqi shaklda kamida 3 yil, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim negizidagi sirtqi shaklda kamida 3 yil ta’lim olinadi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’i nazar, bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan boshlanadi.

6.        Savol: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda fanlarni to‘liq o‘zlashtira olmagan talabaga imkoniyat beriladimi?

Javob: Uzrli sabablar (kasallik, tabiiy ofat, xizmat safari, og‘ir oilaviy ahvol va boshqalar) tufayli muayyan kursdagi fanlarni belgilangan muddatlarda o‘zlashtira olmagan talabalarga muddati qo‘yilgan shaxsiy jadval beriladi. Shaxsiy jadval tegishli prorektor tomonidan tasdiqlanadi va undagi muddat navbatdagi o‘quv yiliga o‘tmasligi lozim.

Shaxsiy jadvalni belgilangan muddatda bajara olmagan talaba qayta o‘qish uchun kursda qoldiriladi. Talaba birinchi kursning birinchi semestridagi akademik qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan taqdirda, talabalar safidan chetlashtiriladi, kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan mustasno.

7.        Savol: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda masofadan turib o‘qish mumkinmi?

Javob: Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda masofadan turib o‘qitish talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda o‘quv rejasidagi barcha fan dasturlarida belgilangan bilimlarni mustaqil masofadan turib o‘zlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin.

Masofadan turib o‘qitish on-layn (masofadan turib real vaqt rejimida videoma’ruzalar, konsultatsiyalar, nazorat turlarini o‘tkazish) va off-layn (masofadan turib o‘qitish tizimidagi tegishli o‘quv-metodik resurslarni mustaqil ravishda o‘zlashtirish) rejimlarida tashkil etiladi