Belarus ta’lim vaziri universitetga tashrif buyurdi

Ta’lim vaziri universitetga tashrifi davomida TDPU tomonidan BDPU bilan hamkorlikda tashkil etayotgan o‘zbek-belorus qo‘shma fakultetining ochilishiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi.

Ma’lumki, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko ayni damda rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turibdi. Ushbu tashrif doirasida bugun, 14 sentyabr kuni Belorus Respublikasi ta’lim vaziri Igor Karpenko Toshkent davlat pedagogika universitetiga tashrif buyurdi. Ta’lim vaziri universitetga tashrifi davomida TDPU tomonidan BDPU bilan hamkorlikda tashkil etayotgan o‘zbek-belorus qo‘shma fakultetining ochilishiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi. Qo‘shma fakultet uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, Igor Karpenko o‘zbek-belarus qo‘shma fakulteti talabalari uchun 150 nomdagi o‘quv adabiyotlarini yetkazib berish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida ma’lum qildi. Shuningdek, qo‘shma fakultet talabalari uchun ikki davlat professor-o‘qituvchilari hammuallifligida yangi o‘quv adabiyotlarini yaratish masalasi muhokama qilindi. Igor Karpenko universitetdagi ta’lim uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida universitetning biologiya, kimyo laboratoriyalari, keng imkoniyatlarga ega axborot resurs markazini ko‘zdan kechirdi. Eslatib o‘tamiz, o‘zbek-belarus ilmiy markazi hamda qo‘shma fakultet tuzish maqsadida 18 sentyabr kuni Belorus davlat pedagogika universiteti vakillarining yurtimizga tashrifi kutilmoqda. Universitet matbuot xizmati