“Zamonaviy psixologiyaning amaliy imkoniyatlari”

Qaysi bir yurtda ilm-fan, ta’lim va ma’rifatga katta e’tibor berilar ekan, o‘sha mamlakat kelajagi porloq, istiqboli nurli bo‘ladi.

Xalqimiz azaldan farzand tarbiyasi, uning kamoliga alohida e’tibor va mas’uliyat bilan yondashib keladi. Barkamol avlodni voyaga еtkazish, ularga ta’lim-tarbiya berish, ta’lim tizimini tubdan isloh qilish bugungi kunning ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning: “Mamlakatimizda yuqori salohiyatga ega jahon miqyosida e’tirof etilgan olimlar ko‘p. Ular o‘z maktablarini yaratishi, shogirdlar tarbiyalashi lozim. Yosh avlodni salohiyatli kadrlar etib tarbiyalashdagi birinchi bosqich – maktab ta’limini tubdan takomillashtirish, ilmiy kadrlar va yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonining uzluksizligini ta’minlash zarur. Bu yo‘lda hech narsani ayamaymiz”, degan fikrlari hozirda intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalash masalasi naqadar muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti yoshlarga ta’lim va tarbiya berish borasida ko‘p yillik boy tajribaga ega. Universitetida pedagogika, psixologiya, tarix, tabiiy fanlar sohasida 20 dan ortiq ilmiy maktablar yaratilgan va bugungi kunda ushbu a’nanalar davom etmoqda. Toshkent davlat pedagogika universitetida bugun bo‘lib o‘tgan “Zamonaviy psixologiyaning amaliy imkoniyatlari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman ham universitetda yaratilgan ilmiy maktablarni rivojlantirish va targ‘ib qilishga qaratilgan deb hisoblash mumkin. Anjumanda intellektni o‘rganish sohasidagi zamonaviy yondashuvlar va izlanishlar hamda psixologik tadqiqotlar metodi va metodikalari, shaxs rivojlanishining nazariy va amaliy muammolari, oliy ta’lim muassasalarida psixologik xizmatni tashkil etish istiqbollari, psixoloiyaning boshqa fanlar bilan integshratsiyalashuvi tendensiyalari, psixologiya fanida innovatsion yondashuvlar tizimi, etnopsixologiya, oila psixologiyasining falsafiy asoslari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Konferensiyada respublikamizda pedagogika-psixologiya sohasida ilmiy va pedagogik faoliyat olib borayotgan 300 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, olimlar ishtirok etdilar. Shuningdek, konferensiyada 10 ga yaqin xorijdan tashrif buyurgan mutaxassislar, jumladan, Rossiya, Ukraina, Qozog‘istondan kelgan olimlar ishtirok etib, psixologiya sohasida jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar haqida fikr yuritdilar. Ular respublikamizda ushbu sohada amalga oshrilayotgan islohotlar va ilmiy izlanishlarga yuksak baho berdilar. Bugungi o‘tkazilgan tadbir nafaqat ilmiy-ma’rifiy tadbir, balki xayrli ish desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Konferensiyada respublikamizda psixologiya fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Muxammed Galimovich Davlatshin tavalludining 95 yilligi munosabati bilan uning shogirdlari ustoz xotirasi, uning yaratgan ilmiy maktabi va ijdodiy merosi haqida fikr almashdilar. Konferensiya davomida yosh olimlar va iqtidorli talabalarning ilmiy-ijodiy ishlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shu kabi ilmiy-ma’rifiy tadbirlar jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega bo‘lgan yoshlarnining еtishib chiqishiga xizmat qiladi.