Ta'lim kreditini berish tartibi qanday? Men bankka qanday hujjatlarni taqdim etishim kerak?

Yoshlarga ta'lim kreditini berishning umumiy tartibi va shartlari O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-qarori bilan tasdiqlangan Oliy o'quv yurtlarida to'lov-kontrakt asosida o'qish uchun ta'lim kreditlari berish to'g'risidagi nizomda belgilangan.

Ta'lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi bo'limlariga to'lov-kontrakt asosida qabul qilingan O'zbekiston fuqarosi bo'lgan talabalarning o'qishi uchun talabalarning o'zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin. Ta'lim kreditlari, oliy ta'lim muassasalarida o'qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o'qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o'qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo'lgan muddatga beriladi.

Ta'lim kreditini olish uchun tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishingiz lozim:

-ta'lim krediti berish to'g'risidagi ariza;

-talaba va oliy ta'lim muassasasi o'rtasidagi to'lov-kontrakt asosida o'qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt):

-kreditni qaytarishning ta'minlanishi to'g'risida hujjat;

-imtiyozli ta'lim kreditlari olish huquqiga ega bo'lgan chin yetimlar, "Mehribonlik uylari"da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta'minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Siz yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan bir vaqtda pasportingizni shaxsan ko'rsatishingiz lozim.

Olingan kredit qaytarilmasligining oldini olish maqsadida siz quyidagi ta'minlash shakllaridan birini bankka taqdim etishingiz lozim: 

-mol-mulk yoki qimmatli qog'ozlarni garovga qo'yish;

-bankning kafolati;

-uchinchi shaxsning kafilligi;

-sug'urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug'urta qilinganligi to'g'risidagi sug'urta polisi.

Mavzuga oid