Universitetimizga Baranovichi davlat universiteti vakili tashrif buyurdi

2019-yil 19 fevral kuni mamlakatimizga Belarus Respublikasi universitetlari rahbarlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Ta’lim sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tajriba almashish niyatida delegatsiya a’zolari yurtimiz Oliy ta’lim muassasalariga safar qildi.

Ushbu tadbir doirasida Belarus Respublikasining Baranovichi davlat universiteti birinchi prorektori Unsovich Aleksandr Nikolaevich Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘ldi. Tashrif davomida universitet rahbariyati bilan tor doiradagi uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Sh.Sharipov, Innovatsion pedagogika o‘zbek-belarus qo‘shma fakulteti koordinatori O.Ismoilov, Jizzax davlat pedagogika instituti rektori A.Xolbekov ishtirok etdi. Belarus ta’lim tizimi bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari to‘g‘risida mehmonga atroflicha ma’lumot taqdim etdi. Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Belarus davlat universiteti hamkorligida Innovatsion pedagogika qo‘shma fakulteti tashkil etilgan edi. Mazkur fakultetda defektologiya, psixologiya hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikda mutaxassislar tayyorlanadi. Qo‘shma fakultet bitiruvchilari ikkala oliy ta’lim muassasasining diplomiga ega bo‘ladi.