TA’LIM VA TARBIYA HALI HAM BIRMI? (oliy maktab о‘quv mashg‘ulotlarida ma’naviyat daqiqalarini о‘tkazish yuzasidan ayrim mulohazalar)

Maqolaning “ilhom parisi” haqida ikki og‘iz...

Hayotimning 20 yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan bog‘liq bо‘lgan. Ushbu ulug‘ dargohning litseyini tamomlaganman, bakalavriat, magistratura, aspirantura, doktorantura deganlariday... Taqdir taqozosi bilan joriy yilning 1 may sanasidan 30 iyun sanasigacha universitet huzuridagi tarmoq malaka oshirish markazida tinglovchi bо‘lish nasib qildi. 

О‘quv mashg‘ulotlarida hurmatli ustozlardan pedagogika va psixologiya fanlarining yangiliklari, pedagogik mahorat va texnologiyalar sohasidagi ilg‘or tajribalarni baholi qudrat о‘zlashtirishga intilayapmiz. О‘qitilayotgan modullardan biri “Pedagogik kvalimetriya” bо‘lib, bu fandan pedagogika fanlari doktori, professor Jamila Tolipova ustoz saboq berayaptilar. Navbatdagi mashg‘ulotlarimizdan birida oliy maktabdagi о‘quv mashg‘ulotlarida ma’naviyat daqiqalaridan foydalanish masalasida guruh tinlovchilari qatori о‘z fikrlarim bilan о‘rtoqlashdim. Shunda ustoz mazkur masalaga bag‘ishlangan maqola yozishni taklif etdilar. О‘ylab qarasam, haqiqatdan, bu sohada aytsa bо‘ladigan gaplar bor ekan. Shu tariqa hukmingizga havola etilayotgan mazkur maqola yozildi.

 

 

 

Dunyoda nechta odam – shuncha fikr, qarash, qarich... Zamonlar о‘tib, insonni qurshab turgan muhit о‘zgarib, yangidan yangi g‘oya va tasavvurlar shakllanayapti. Aslida bu taraqqiyotni innovatsiyada kо‘rishga odatlangan biz kabilarni quvontirmay qolmaydi. Biroq boshqa sohalarni bilmadik-u, ta’lim jarayonlariga oid ayrim “yangicha”, “noan’anaviy” qarashlar ochig‘i kishini xavotirga solmoqda. Jumladan, ta’limning masofaviy yuksak texnologiyalashgan shakli tobora jadal rivojlanishi bilan ta’lim-tarbiya birligi har doim ham muqarrar hodisa emasligi, ta’limiy vazifani bajarish har doim ham tarbiyaviy vazifalarning hal etilishini nazarda tutmasligi yuzasidan mulohazalar borgan sayin dadilroq jaranglay boshlayapti. Mazkur maqolada ta’lim va tarbiyaning mazmun-mohiyati, о‘zaro munosabati haqidagi turli xil qarashlarning qiyosiy tahliliga о‘tib, о‘quvchini murakkab nazariy-metodologik bahslar girdobiga tortib, kuchli uslubiyotchi, amaliyotchi ustozlar nazdida navbatdagi quruq da’vat-chaqiriqlar muallifi bо‘lish istagidan yiroqmiz. Shuning uchun tarbiyaning mohiyati va ahamiyati haqidagi uzundan uzoq hammaga ma’lum ilmiy hukmlar о‘rniga Albert Eynshteyn 1935 yil singlisi Mayyaga yozgan maktubidagi birgina mulohazani eslashni ma’qul kо‘ramiz: “Inson yaratgan barcha boyliklar asosida axloqiy prinsip yotadi”.

Tan olish kerakki, yuksak texnologik ta’minotga asoslangan va о‘qituvchi-о‘quvchi bevosita ta’sirlashuvini nazarda tutmaydigan ta’lim shakllari rivojlanishi davrida tarbiyaviy funksiya qandaydir darajada zaiflashayotganday tuyulishi mumkin. Nazarimizda, muammoning ildizi tarbiya jarayonini qanday tushunishda. Agar tarbiyaviy ta’sirni faqat bevosita о‘zaro ta’sirlashuv jarayonida rо‘yobga chiquvchi hodisa, deb tushunsak, yuqoridagi separatchilik g‘oyasini qо‘llab-quvvatlashga hayrixohlikni his etishimiz mumkin. Ammo о‘qituvchining tashqi kо‘rinishi, kiyim-boshi, muloqot uslubi, о‘z-о‘ziga bо‘lgan munosabatini kо‘rib, kuzatib turib ham, uning ijod namunalari bilan tanishish orqali ham tarbiya olish mumkinligiga ishonsak, ta’lim va tarbiyaning uzluksiz birligiga iqror bо‘lamiz.

Albatta, oliy maktab avvalo mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayoti uchun ahamiyatli kasb sohalari bо‘yicha bilim berish bilan shug‘ullanadi. Biroq ayni vaqtda oliygoh bu bilim ezgulik yо‘lida sarflanishi choralarini ham kо‘rishga mas’uldir. Bunga mazkur tizim tarbiyaviy vazifani bajarishi orqali erisha oladi. Bо‘lg‘usi mutaxassis kadrlarga tarbiyaviy ta’sir о‘tkazish uchun oliy maktabda xilma xil usul va vositalar jalb etiladi. Bular orasida, nazarimizda, о‘quv mashg‘ulotlarida ma’naviy daqiqalar imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayapti. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, ma’naviyat daqiqalarini о‘tkazish о‘quv mashg‘ulotini “odobnoma” darsiga, pand-nasihatlar kuniga aylantirish uchun bir bahona, о‘qituvchi didaktik imkoniyatlari qashshoqligini yashirishning oson usuli bо‘lib qolmasligi zarur. Buning uchun ma’naviy daqiqalarga tegishli qat’iy vaqt va о‘rin chegaralarini belgilab qо‘yish talab qilinadi.

Shaxsiy pedagogik tajribani umumlashtirish hamda mohir ustozlar faoliyatini о‘rganish oliy maktabdagi о‘quv mashg‘ulotlarida ma’naviyat daqiqalari ikki xil yondashuv bilan о‘tkazilishi mumkinligini kо‘rsatmoqda: 1)tizimli ravishda; 2)qisman improvizatsiyali.

Tizimli yondashuv dars avvalida ma’naviyat daqiqalari muntazam ravishda yoki kun tarixi, yoki ijtimoiy-siyosiy hayotdagi biror yangilik bilan bog‘liq tarbiyaviy ahamiyatga ega ma’lumotlar bilan tanishtirish orqali amalga oshiriladi. Masalan, oddiygina 26 noyabr sanasidagi dars avvalida bu kun butunjahon informatsiya kuni ekanini ma’lum qilib, axborot iste’moli madaniyati hozirda qanchalik dolzarb ekaniga urg‘u bersa bо‘ladi. Xuddi shunday tarzda, agar mashg‘ulot sanasidan avvalroq, masalan, davlat rahbari qaysidir mamlakatga safar uyushtirgan bо‘lsa, ushbu davlat xalqining maqol va rivoyatlari, bu mamlakatdan yetishib chiqqan mashhur insonlarning tarbiyaviy quvvatga ega mulohazalarini eslash mumkindir. Bunday yondashuv, birinchidan, talabalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilsa, ikkinchidan, muntazamligi bilan faoliyatda о‘rnatilgan tartib, umumiy tizimga rioya qilish, ish yuritishda tartibli bо‘lish namunasi sifatida xizmat qiladi.

Ma’naviyat daqiqalarini qisman improvizatsiyali qо‘llashda о‘qituvchidan kо‘proq zukkolik va eruditsiya talab qilinadi. Chunki bunda о‘qituvchi kutilmaganda vujudga kelgan vaziyat, talabalarni qiziqtirib qolgan masalaga javoban ma’naviyat daqiqasiga qо‘l uradi. Bunday harakat tegishli vaziyatga nisbatan mazmunan hamohang, ehtimol, uning yechimini о‘zida aks ettiruvchi hikmatlar, maqollar, hayotiy misollar, diniy-tarbiyaviy fikr-mulohazalar, she’riy-falsafiy misralar vositasida amalga oshirilishi mumkin.

Albatta, ta’lim jarayonida vujudga kelishi mumkin bо‘lgan barcha vaziyatlarni, talabalarda uyg‘onishi mumkin bо‘lgan hamma savollarni oldindan bilish va tarbiyaviy ta’sir nuqtai nazaridan  ularga tayyor bо‘lishning iloji yо‘q. Ammo shunday holatlar borki, ular takrorlanuvchan bо‘lgani uchun ularga tayyor turish mumkin. Jumladan, talabalarning darsda о‘qituvchini e’tiborli tinglamasligi, kechikib kelishi, о‘zaro munosabatlarda ziddiyatga borishi va hokazo vaziyatlarga oldindan tayyorlab qо‘yilgan chiroyli, ma’noli hikmat-mulohazalar bilan misollar keltirib ta’sir kо‘rsatish о‘rinli. Masalan, bee’tiborlik holatida “Sо‘zing kumush bо‘lsa, tinglovching oltin bо‘lsin” (о‘zbek xalq maqoli), “Inson 2 yoshgacha gapirishni о‘rganadi, sо‘ngra hayotining oxirigacha – sukut saqlashni” (Arastu) kabilidagi mulohazalarni о‘rtaga tashlash mumkin. Biror talabaning kechikish holatida vaziyatdan foydalanish va muammoli savolni savolni о‘rtaga tashlab, falsafiy mushohadaga chorlash mumkin: “Inson qayerga hech qachon kechikmaydi?”. Falsafiy javob: “Qayerdaki insonni kutishmayotgan bо‘lsa, bu joyga kechikib borishning iloji yо‘q”. Vaqtning talabalar tomonidan ba’zida juda besamar о‘tkazilishiga ishora qilgan holda hikmatli she’riy misralarni yodga olish mumkin: Mast bulbul yо‘l oldi guliston tomon, Unda topdi boda ham guli xandon. Yurak tili bilan shivirlab aytdi: «Bо‘sh qо‘yma», о‘tgan umr qaytmas hech qachon!»  (Umar Xayyom).

Avval boshidan tan olib aytish kerakki, bunday yondashuv samarali bо‘lishi talabalardan muayyan darajadagi intellektual salohiyatni talab qiladi. Ramzlarni tushunish, kо‘chma ma’nolarni anglash, keng falsafiy mushohadaga noqobil odamlarga bunday vositalar bilan ta’sir о‘tkazish qiyin. Biroq boshqa tarafdan qandaydir tartibsizlik uchun talabaga tо‘g‘ridan tо‘g‘ri tо‘pori hukmlar, xulosa qismi tayyor qilib bо‘lingan fikrlar bilan ta’sir kо‘rsatishga urinishdan kо‘ra yuqorida tavsiflangan yondashuv о‘qituvchidek ziyoli shaxsga, millat tarbiyachisiga kо‘proq yarashadi. Qolaversa, bunday usullar о‘quv mashg‘ulotiga о‘ziga xos insonparvar yondashuvni olib kiradi, ta’lim jarayoni ishtirokchilariga aqliy lazzatlanish hissini beradi va yakunda ularni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bu esa keyingi tarbiyaviy ta’sir uchun yо‘l ochadi. Shu nuqtai nazardan о‘quv mashg‘ulotlaridagi ma’naviyat daqiqalarini ta’bir joiz bо‘lsa, bо‘lg‘usi maxsus ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ta’sirini oshirish uchun qulay asos, poydevor yaratish jarayoni, deb ham tushunish mumkin. О‘qituvchidek uzoqni kо‘ra bilishi lozim bо‘lgan,  shaxsiy faoliyat natijalari obyektiv ravishda faqat muayyan vaqtdan keyin yuzaga chiqishini bо‘yniga olib mehnat qilishga mahkum mutaxassis shunday ajoyib imkoniyatni qо‘ldan boy berishi mumkinmi? Haqiqiy strateg о‘qituvchi ma’naviyat daqiqalari ichida yashiringan salohiyatni kо‘ra bilmasligi mumkinmi?  

 

Pо‘lat Ergashev,

О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,

psixologiya fanlari doktori