Sarvarxon Buzrukxonov: «Bugun OTM professorlari eng yuqori maosh oladigan bо‘ldi»

Xalqaro Press-klubning О‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish tо‘g‘risida»gi farmoniga bag‘ishlangan brifingi bо‘lib о‘tdi. 

  • Sarvarxon Buzrukxonov, Oliya va o`rta maxsus ta`lim vazir o`rinbosari
  • Boshqa rasmlar

Unda sо‘zga chiqqan oliy va о‘rta maxsus ta’lim vaziri о‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov oliy ta’lim tizimidagi oylik-maoshlar, talabalarning stipendiyalari, tо‘lov-kontrakt summalari haqida gapirdi.

«Hech ikkilanmay ayta olamanki, byudjetdan moliyalashtiriladigan muassasalarda eng yuqori oylik OTM professorlariga beriladigan bо‘ldi», - deya ta’kidladi u. Vazir о‘rinbosari bunga sabab bо‘lgan omillarga ham tо‘xtalib о‘tdi: «Avvallari ularning bu sohadan ketib qolishi ham bо‘ldi, shu bilan birga ilmga intilish ham susaydi.

Professor yoki dotsentda ilmiy ish qilishga rag‘bat yо‘q edi, chunki ularning oylik maoshi assistent bilan atigi 700 mingga farq qilardi». U prezidentning olimlarga alohida e’tiborini ta’kidlar ekan, xususan, OTM professor-о‘qituvchilarining oylik maoshi bosqichma-bosqich oshirilganiga urg‘u berdi. «Bugungi kunda OTM professori 6 717 000 sо‘m maosh oladi. Taqqoslaydigan bо‘lsak, 2016 yil 1 oktabrida professorning maoshi 2 178 000 sо‘m bо‘lgan, ya’ni 3.2 baravarga oshgan.

Bu о‘z-о‘zidan ilmga, ta’lim sifatini oshirishga rag‘bat uyg‘otadi. Qolaversa, korrupsiyaning oldini oladi. Bundan tashqari, 1 iyuldan OTM professorlari va rahbarlarining maoshi 25 % ga oshgandi. Yana bir ular uchun quvonarlisi OTM professorlari mehnat ta’tiliga oshirilgan oylik hisobidan chiqadi», - deydi oliy va о‘rta maxsus ta’lim vaziri о‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov.

 

manbakun.uz