Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali ochildi

Boshlangan yangi о‘quv yilida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti о‘z faoliyatini kengaytirdi. Hududdagi pedagoglarga bо‘lgan ehtiyojni hisobga olib, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida universitet filiali tashkil etildi. Bugun, 4 senyatbr kuni qaldirg‘och talabalar ishtirokida filialning rasmiy ochilish marosimi bо‘lib о‘tdi.

Marosimda Qashqadaryo  viloyat hokim о‘rinbosari M.Mustafayeva, Shahrisabz shahri hokimi T.Karimov, Nizomiy nomidagi TDPU prorektori O.Qо‘ysinov, О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Shahrisabz tumanlararo bо‘limi raisi Turon fanlar akademigi Jabbor Halil, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

TDPU Shahrisabz filiali faoliyatini quyidagi 4 yо‘nalishda bakalavrlar tayyorlash bilan boshladi:

-          Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ish;

-          Maktabgacha ta’lim;

-          Xorijiy tillar va adabiyot (ingliz tili);

-          Ona tili va adabiyoti rus tili adabiyoti о‘zga tilli guruhlarda.

Eslatib о‘tamiz, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 2018 yilda Surxondaryo viloyatida termiz filialini ochgan edi. Mazkur filiallar respublikamizning chekka hududlarida malakali pedagoglarga bо‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.