Bayroq - ma’nolar xitobi

Sohibqiron: “Lashkar qirilib, bir askar tirik qolsa ham, u mamlakat bayrog‘ini baland tutsin”, deb amr qilgan.

O‘zbekiston bayrog‘I chiroyli. Rangu ramzi ko‘p. Sohibqiron Amir Temur bayrog‘ining rangi ko‘k bo‘lgan. Bu bayroq egilmagan. Sohibqiron: “Lashkar qirilib, bir askar tirik qolsa ham, u mamlakat bayrog‘ini baland tutsin”, deb amr qilgan.  Bayrog‘imizda shu ko‘k rang yashayapti.

 

Bayrog‘imizda ko‘k ichidanoq 12 yulduz porlayotir. Ular: “Osmondan xarita yasab, yulduzlarni odamga ishlatgan podshoh sizlarning bobongiz – Mirzo Ulug‘bek hazratlaridur”, deb jar solmoqda.

 

Ikki qizil chiziqning ol rangida bobolarimizning chingizchi, gitlerchi bosqinchilar bilan hayot-mamot janglarda to‘kilgan tabarruk qoni bor. Bu qon hozir, shu minutlarda, shu satrlarni o‘qiyotganimizda,  tomirlarimizda oqayotir.

 

Bobolarimiz bayroqni boshlaridan baland tutishdi. Bugun 33 million qo‘l mana shu bayroq dastasini mahkam tutsak, bir-birimizga yanada yaqinlashamiz. Adashmaymiz. Bir-birimizni yo‘qotib qo‘ymaymiz. Va albatta, yuksalamiz.

 

“Birlashgan – o‘zar, birlashmagan - to‘zar”. Bizning birlashib yuksalgan yapon, koreys, singapurliklardan nimamiz kam? Ularning ham bizdan ortiq joyi yo‘q. Demak, milliy yuksalish navbati - Bizniki!

 

Har birimizning uyimizda bayrog‘imiz hilpirab tursa, qanday yaxshi.

 

Davlat bayrog‘imiz bayrami hammamizga muborak bo‘lsin!

 

Muhammadjon Quronov,  pedagogika fanlari doktori, professor