Universitet rektori 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni bilan qutlaydi

Xalqimiz mudofaasi uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan Vatan himoyachilari safida Toshkent davlat pedagogika universitetining ham alohida o‘rni borligi bizga faxr va iftihor bag‘ishlaydi. 

Hurmatli universitetimiz professor-o‘qituvchilari hamda qadrli talabalar!

Bugungi 14-yanvar - O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan yurtimiz tinchligiga o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha-barchani chin qalbdan muborakbod etaman.

Xalqimiz mudofaasi uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan Vatan himoyachilari safida Toshkent davlat pedagogika universitetining ham alohida o‘rni borligi bizga faxr va iftihor bag‘ishlaydi. Universitetimizda faoliyat ko‘rsatyotgan Chaqiriqqacha harbiy ta’lim yo‘nalishi yurtimiz yoshlariga, bo‘lajak vatan himoyachilariga boshlang‘ich harbiy ta’lim-tarbiya sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Ayni paytda universitetning Harbiy kafedrasida 1 podpolkovnik, 14 zahiradagi podpolkovnik, 1 nafar zahiradagi polkovnik, 1 nafar zahiradagi kapitan, 2 ta zahiradagi leytenant, jami 16 nafar harbiy kadrlar faoliyat olib bormoqda. Qolaversa, universitetning turli fakultetlarida 5 nafar baynalminalchi jangchilarimiz talaba yoshlarga turli fanlardan saboq berib kelmoqda. Ularning biz bilan bir safda ekanligi bizni quvontiradi.

Sizlarning fidoyiligingiz tufayli yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukm surmoqda. Osmonimiz musaffoligi va mamlakatimizning barqaror rivojlanayotgani ham sizning mashaqqatli mehnatingiz samarasi. Barchangizni sharafli hamda mas’uliyatli bayramingiz muborak bo‘lsin deyman! Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.

Universitet rektori Sh.S.Sharipov