Inom Madjidov Oliy ta’limda davlat granti miqdorining 2 baravar oshirilishi, o‘qish muddatining 3 yilga qisqarishi, nomutaxassis fanlarni kamaytirish to‘g‘risida

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab pedagogik sohadagi oltita bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati uch yil etib belgilanadi. Bular: musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat, texnologik ta’lim, chaqiriqqacha harbiy ta’lim, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport. Hozirda bu masalada mutaxassislar tomonidan ishlar boshlab yuborildi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatidan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi Tashkent City xalqaro biznes markazidagi Kongress xollda bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov hamda vazirlik vakillari ishtirok etdi.

 

Murojaat – dasturiy hujjat

Prezident murojaatida oliy ta’lim tizimi oldiga ham xalqimiz va jamiyatimiz kutayotgan masalalardan kelib chiqib, aniq vazifalar belgilab berildi. Ularni tizimlashtirib, o‘z oldimizga quyidagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab oldik:

👉 qamrovni oshirish;

👉 ta’lim standartlarini takomillashtirish;

👉 ta’lim sifatini ta’minlash;

👉 OTMlarning ilmiy salohiyatini oshirish.

 

Oliy ta’limga qamrov oshiriladi

Murojaatnomada Prezidentimiz davlat granti asosida qabul qilishni ikki barobar oshirish vazifasini qo‘ydilar. Bu ham O‘zbekistonda jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlashda asosiy investor  - davlat ekanini ko‘rsatadi.

Biz bu vazifani bajarish uchun ishlarni boshlab yubordik. Avvalo, davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlari oshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari aniqlanadi. So‘ngra mehnat bozoridagi talab va taklif inobatga olinadi. Qolaversa, hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollari o‘rganiladi.

 

Ta’lim sifati – eng muhim vazifa

Murojaatnomada oliy ta’lim tizimidagi yana bir muhim masala – ta’lim sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Oliy ta’limni zamonaviy shaklda tashkil etish, ilg‘or tajribalarni joriy qilish yo‘lidagi ishlar tizimli ravishda davom etyapti va biz uni yanada kuchaytiramiz.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab pedagogik sohadagi oltita bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati uch yil etib belgilanadi. Bular: musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat, texnologik ta’lim, chaqiriqqacha harbiy ta’lim, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport. Hozirda bu masalada mutaxassislar tomonidan ishlar boshlab yuborildi.

Professor-o‘qituvchilarga talab kuchaytiriladi

OTMlarga ishga qabul qilishda, nomzodlarga quyiladigan talablar kuchaytiriladi, professor-o‘qituvchilarni tanlab olish mexanizmlari takomillashtirilib, yosh kadrlarga imkoniyatlar beriladi. Yoshlarga ilmiy ish qilish imkoniyatlari kengaytirilib, zarurat bo‘lganda xorijda tajriba orttirib kelishi qamrovi oshirib boriladi.

 

2019 yilda 2 000dan ortiq o‘qituvchi «El-yurt umidi» jamg‘armasi, grantlar hamda OTMlarning o‘z hamkorlari bilan kelishuvlar doirasida stajirovka o‘tagan, malaka oshirib kelgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3 000gacha ko‘paytirish rejamiz bor.

 

Nomutaxassislik fanlari ulushi kamaytiriladi

Mutaxassislikka aloqador bo‘lmagan fanlar ikki baravar kamaytiriladi. Ta’lim mazmuniga standart asos hisoblanadi, tashqi tazyiq emas. Avvalo, o‘quv standartlari va dasturlarini tuzishga yondashuvni o‘zgartiramiz.

Dunyo tajribasida bor – kadrlar tayyorlashda ish beruvchi talabi asosiy omil sanaladi. Ya’ni, kompetensiya masalasi. OTMlarda kadrlar tayyorlashda ish beruvchilar talab va taklifi asosida zarur kompetensiyalar belgilab olinadi.  So‘ngra bir xil yo‘nalishdagi OTMlar bitta metodik birlashmaga birlashib, mana shu kompetensiyalar o‘rgatiladigan fanlar belgilanadi. Asosiysi, o‘quv dasturini tuzishda ikki tomon – ish beruvchi va OTM ishtirok etishi kerak.

 

Talabalarning maqsadi haqida

O‘qishga kirgan talabalarning ota-onalari farzanining yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishini xohlashadi. To‘rt yil davomida ularning o‘qishga munosabati qanday o‘zgarishi esa OTMdagi muhitga bog‘liq.

Shuning uchun biz OTMlardagi muhit va sifat ko‘rsatkichlarini shu darajada oshirishimiz kerakki, talaba asosiy maqsadidan chetlashishi maqsadga muvofiq emasligini o‘zi his qilsin. Meni vazir sifatida qiynayotgan va doimo qiynaydigan masala ham aslida shu. Agar ta’lim sifati yaxshi bo‘lsa, talabaning o‘z oldinga qo‘ygan maqsadi o‘zgarmaydi. Ya’ni, o‘qishga qanday maqsadda kirgan bo‘lsa, to‘rt yil mobaynida uning maqsadi o‘zgarmaydi.