TDPUda vazir bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakat yoshlari bilan uchrashuvida yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi doirasida “Vazir bilan uchrashuv” bo‘lib o‘tdi. Universitetga tashrif buyurgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov universitetning bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashib, bo‘lajak pedagoglarni sohaga oid o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.

Ma’lumki, so‘nggi ikki yil davomida Xalq ta’limi sohasida qator ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, o‘qituvchi pedagoglarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash, maktab infratuzilmasi va o‘quv dasturlarini takomillashtirish borasida vazirlik tomonidan qator islohotlar amalga oshirildi.

Ochiqlik ruhida o‘tgan uchrashuvda bo‘lajak pedagoglar amaliyot o‘tash davomida o‘zlari duch kelgan tizimdagi mavjud muammolar bo‘yicha vazirga savol berdi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov savollarga javob berar ekan, talabalarni faollikka, o‘z g‘oyalari, loyihalari bilan tizimni rivojlantirish uchun o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirdi.

Talabalar yuqori sinf o‘quvchilari uchun stipendiyalar joriy etish taklifini bildirdi.

Vazir bu taklifga javoban “... agar qaysidir darajada moddiy resurslar ortib qoladigan bo‘lsa, uni avvalo o‘qituvchining oylik maoshini oshirishga yo‘naltirish taklifini bergan bo‘lardim”, dedi.

Ishga kirish jarayonida uchrayotgan ortiqcha hujjatbozliklar haqida savol berildi.

“Qaysidir maktab rahbari ortiqcha hujjatlarni talab qilayotgan bo‘lsa, fakt bilan buni o‘rganib chiqamiz. Agar shunday vaziyat bo‘lsa, bunda korrupsiya yoki tanish-bilishchilik illati bo‘layotgan bo‘lishi mumkin”, dedi Sherzod Shermatov.

Xususiy maktablardan davlat maktablariga o‘quvchilarning qaytishiga nima sabab bo‘lgan?

Xalq ta’limi vaziri uchrashuvda ayni savolga javob berdi va xususiy maktablar haqida tanqidiy va tahliliy fikrlarini bildirdi.

O‘tgan yilda bir yarim ming nafar o‘quvchi xususiy maktablardan davlat maktablariga qaytdi. Nima uchun?

Xalq ta’limi vaziri bu jarayonni xususiy maktab biznes sifatida qabul qilinganda yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi bilan izohladi.

Maktablar texnik jihatidan to‘liq jihozlanganmi?

“Keling, yerga tushaylik... Sharoitlar hozir universitetingizda ham to‘liq emas. Ochiq aytaman, maktablarda sharoit qoniqarli emas. Hammasi yaxshi demaylik. Hozir ochiqlik siyosati bo‘lyapti. Pul ajratilyapti. Endi yaratyapmiz”, deya javob berdi vazir.

Maktablarda darsliklar faqat o‘quvchilarni mo‘ljallab yetkazib beriladi, o‘qituvchilar uchun darslik mavjud emas, darsliklarda uchrayotgan xatolarni tuzatish lozim, deya tanqidiy fikr bildirildi.

Sherzod Shermatov darsliklarning ilgari o‘quvchilar soniga moslab chop etilgani, shu sabab o‘qituvchilar hamda abiturient tayyorlovchi pedagoglar darsliklarni topishda katta qiyinchilikka uchraganini ma’lum qildi. Bu holatga yechim sifatida navbatdagi chop etiladigan darsliklar o‘quvchilar sonidan 5 foiz ortiqcha chop etilishi hamda ularni sotuvga chiqarishga ruxsat berilganligi aytildi. Darslikdagi xatolarga chop etuvchi nashriyotlar muharrirlarining mas’uliyatsizligi sabab bo‘lishi aytildi hamda xatolarni bartaraf etishda bo‘lajak pedagoglar hamkorlikka chaqirildi.