Fuqaro Kamola Ibragimova ishi yuzasidan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti BAYONOTI

Ekspertlar xulosasiga tayangan holda, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti yuridik shaxs sifatida huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish maqsadida mazkur ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritilishini ma’lum qiladi.

Dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida, uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida ta’lim sifatini tubdan isloh qilish va shu asnoda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish muhim strategik yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida «uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tadbiq etish, xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish» bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Yuqoridagi vazifalar ijrosi yuzasidan uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida qator ishlar amalga oshirilayotganligi hammamizga ma’lum.

Bakalavr ta’lim yo‘nalishlarini tugatgan talabalar ixtyoriy ravishda magistratura bosqichiga tegishli tartibda (og‘zaki, yozma, test topshiriqlari va boshqalar) o‘qishni davom ettirish uchun kirish imtihonlari topshiradi. Bu imtihonlardan yetarlicha bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarni o‘zlashtirgan, bakalavr darajasiga ega bo‘lgan talabgorlar shaffoflik asosida o‘qishga tanlab olinadi.     

Haqiqatdan ham, joriy yilning 2019 yil 25 iyulida Kamola Ibragimova Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti magistratura bosqichining “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi biologiya yo‘nalishi” bo‘yicha o‘zbek guruhida o‘qish uchun hujjat topshirgan. 2019 yil 6 avgustda bo‘lib o‘tgan test sinovida ishtirok etgan. Jami to‘plagan ballari yetarli bo‘lmagani bois magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilinmagan.

K.Ibragimova javoblarni baholash natijasiga ko‘ra mutaxassislik fani bo‘yicha olingan test sinovidan jami 54 ball to‘plagan.

Talabgor universitet apellyatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lib, sudga shikoyat-ariza bilan murojaat qilgan. Birinchi instansiya sudi shikoyat arizani qisman qanoatlantirish haqida xulosaga kelgan. Sud tomonidan test topshiriqlari sifatini aniqlash yuzasidan komission sud ekspertizasi tayinlangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ekspert komissiyasining xulosasiga ko‘ra, test topshiriqlari kitobidagi “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (biologiya) o‘zbek” fani bo‘yicha tuzilgan 1, 3, 5, 7, 12, 13, 16, 17, 20, 21, 36, 37, 41, 42, 44, 45, 46, 47, 48 - savollar matni mazmuni to‘g‘ri tuzilganligi, savol shartlari to‘g‘ri qo‘yilganligi, savol matni va mazmuni Ibragimovani chalg‘ituvchi xarakterga ega emasligi, 14,22,30 – savollar matni mazmunan to‘g‘ri tuzilmaganligi, chalg‘ituvchi xarakterga ega ekanligi haqida xulosa bergan.

Sudlov hay’ati, ishda to‘plangan hujjatlarga va dalillarga baho berib, ekspertiza xulosasini tahlil qilib, mutaxassislar fikri hamda arizachi Ibragimovaning tushuntirishlarini tinglab, ekspertiza xulosasiga ko‘ra 22-savolni matni hamda mazmuniga ko‘ra imtihon topshiruvchini chalg‘ituvchi xarakterga ega deb hisoblagan. Mazkur savolga quyidagi mazmunga ega:

22-savol. Genetik xaritada genlar orasidagi masofa 100 dan ortiq bo‘lishi mumkinmi? Talabgor test savolida 100 raqamidan so‘ng “morganoid” so‘zini keltirish kerakligi haqida e’tiroz bildirilgan.

K.Ibragimova tomonidan savollar kitobidagi 22-savolning matni hamda mazmuniga ko‘ra chalg‘ituvchi xarakterga ega deb talab qilinishi talabgorning yetarlicha biologik-genetik bilim, ko‘nikma, malakaga va kompetensiyaga ega emasligini ko‘rsatadi.

Izoh: Savolda keltirilgan  genetik xaritada genlar orasidagi masofa deb berilishi, tegishli genetik bilimga ega o‘quvchi yoki talaba shu jumlaning o‘zi morganoid tushunchasini anglatishi va shunday  xulosa chiqarish biologik-genetik tushunchalarni o‘zlashtirgan, va kelajakda biolog olim bo‘lish talabgori uchun tabiiy bir hol hisoblanadi. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan 5110400-Biologiya o‘qitish metodikasi ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasining umumkasbiy fanlar blokidan o‘rin olgan 3.07. “Genetika. Evolyusion ta’limot” fani asoslarida batafsil ilmiy ma’lumotlar yoritilib berilgan. Bu haqdagi fikrni biologiya fanlari doktori, professor A.T.G‘ofurov, biologiya fanlari nomzodi, dotsent S.S.Fayzullaev tomonidan Oliy ta’lim muassasalari mazkur ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun nashr qilingan “Genetika va evolyusion ta’limot” darsligida keltirilgan ma’lumotlar ham isbotlaydi. Ushbu darslikdan shunday jumlani keltiramiz: “Xromosomada genning joylashgan o‘rni lokus deyiladi. Keyinchalik T.Morganni genetika faniga qo‘shgan hizmatini inobatga olib uni xotirasini abadiylashtirish uchun genlar orasidagi masofani o‘lchov birlik sifatida santimorganoid kiritildi. 1 santimorganoid 1 krossingover miqdoriga to‘g‘ri keladi”. Shuni hisobga olgan holda savoldagi genlar orasidagi masofa jumlasi morganoidga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatib o‘tish o‘rinli deb hisoblayman va savol matni mazmunan to‘g‘ri va to‘liq tuzilgan degan xulosani beramiz. Morganoid jumlasini qo‘shilishi savol mazmunini hech qanday o‘zgartirmaydi.

Qolaversa, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilari uchun yozilgan darslikda ham bu savol o‘z isbotini topgan:

T.Morgan qonuni quyidagicha tavsiflanadi: bitta xromosomada joylashgan genlar birikish guruhlarini hosil qiladi va nasldan naslga birikkan holda o‘tadi. Ularning birikish ehtimoli shu genlar orasidagi masofaga teskari proporsionaldir. Genlar orasidagi masofa morganida deb ataladigan birlik bilan ifodalanadi. 1 morganida 1% krossingover kuzatiladigan genlar orasidagi masofaga teng.

Eng muhimi, genlar orasidagi masofa vaqt me’yorlari kabi soat, minut, sekund va h.kazo kabi har xil birliklar bilan emas balki faqat marganid o‘lchov birligi bilan ifodalanishini hattoki oddiy maktab o‘quvchisi ham biladi.

Biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Azimov I.T. (TDPU), 

Katta o‘qituvchi Raxmatov U.E. (TDPU)

 -   “Genetik xaritada genlar orasidagi masofa 100 dan ortiq bo‘lishi mumkinmi?” Genetika sohasiga oid mazkur savol tuzilish jihatidan g‘aliz deya baholanishi mumkin, ammo savolning javob variantlarida taqdim etilgan ma’lumotlar mazkur kamchilikni to‘ldirgan. Har bir javob variantida ishtirok etayotgan “krossingover” so‘zi savoldagi g‘alizlikni to‘ldirib beradi. Genlarning yagona o‘lchov birligi “morganoid” atamasi bilan nomlanishini, “genlar orasidagi masofa” jumlasi o‘z navbatida “morganoid” so‘ziga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishora ekanini hisobga olsak, mazkur savolni chalg‘ituvchi deya baholash maqsadga muvofiq emas.

O‘zRFA biofizika va biokimyo instituti katta ilmiy xodimi PhD Z.Z.Ibragimov

Ekspertlar xulosasiga tayangan holda, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti yuridik shaxs sifatida huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish maqsadida mazkur ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritilishini ma’lum qiladi.