Universitetda Jahon bankining akademik innovasiyalar fondi granti asosida amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi

Oliy va oʼrta taʼlim vazirligi, Jahon banki akademik innovatsiyalar fondi hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamkorligida o'tkazilgan seminar qatnashchilariga loyiha doirasida universitetda tashkil etilgan psixodiagnostik va psixokorrektsion tekshirishlarni amalga oshiruvchi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan “Psixologiya markazi” tanishtirildi.

 Bugun, 26-fevral kuni universitetda oliy taʼlim oʼquv dasturlariga yangi texnologiyalarni joriy etish boʼyicha “Jahon bankining akademik innovatsiyalar fondi granti asosida “Oliy taʼlim tizimini modernizatsiyalash” loyihasining amalga oshirilish holati: natijalar, muammolar, yechimlar” mavzusida seminar tashkil etildi. Ushbu loyiha doirasida, yurtimizdagi 27 ta oliy ta’lim muassasalari  uchun 4,0 mln АQSh dollari miqdoridagi pul mablag’lari ajratilgan. Ushbu mablagʼning 70 % (2,8 mln АQSh dollar) oliy taʼlim muassasalarning hisob raqamiga oʼtkazilgan.

 

Oliy va oʼrta taʼlim vazirligi, Jahon banki akademik innovatsiyalar fondi hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamkorligida tashkil etilgan seminarda qatnashchilarga ushbu loyiha doirasida universitetda psixodiagnostik va psixokorrektsion tekshirishlarni amalga oshiruvchi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan “Psixologiya markazi” tanishtirildi.

 

Seminarda respublikamiz universitetlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion loyihalar natijalari, ularni oʼquv jarayonida qoʼllash masalalari muhokama qilindi. Maʼlumot uchun, loyihalar Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokidagi oliy oʼquv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

 

Loyihaning asosiy vazifalari: Oʼzbekiston oliy taʼlim tizimida boshqaruv salohiyatini shakllantirish, mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda oliy oʼquv yurtlarining rolini oshirish, oliy oʼquv yurtlarida oʼquv muhitini yaxshilash.

 

Bugungi kunga qadar loyiha 16 ta xorijiy davlatlarning 50 dan ortiq oliy oʼquv yurtlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik qilmoqda, 70 nafar professor-oʼqituvchilar xorijiy hamkor institutlarda malaka oshirgan.

 

3600 talaba, 1180 oʼqituvchi va 300 tadqiqotchi ishtirok etgan xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida seminarlar va mahorat darslari oʼtkazildi.

 

2018 yil oxirida ishga tushirilgan loyihaning 1 yilida bir qator amaliy natijalarga erishildi. Jumladan:

 

Toshkent davlat pedagogika universitetida psixodiagnostik va psixokorrektsion ishlar olib borilishi uchun “Psixologiya markazi” zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

 

Seminarda shuningdek, Oʼzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Guliston davlat universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat agrar universiteti, Аndijon davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya institutida loyiha yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Yakunda “Oliy taʼlim tizimini modernizatsiyalash” loyihasi boʼyicha faoliyatni rivojlantirish, samaradorlikni oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.