“Ehtirom sizga, aziz ayollar!”

Universitetda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ehtirom sizga, aziz ayollar!” deb nomlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi.

Universitetda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Universitet xotin-qizlar qo‘mitasi hamda faol talaba yoshlar tomonidan tashkil etilgan bayram dasturi “Ehtirom sizga, aziz ayollar!” deb nomlandi.

 Bayram tadbirini rektor Alisher Yusubjanovich Umarov ochib berdi.

Universitet professor o‘qituvchilarining va xodimlarining qariyb 80 foizini ayollar tashkil etadi. Ta’lim muassasasida xozirda 9 mingdan ortiq talaba qizlar tahsil olmoqda. Ular orasida davlat mukofoti sohibalari, xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari, fan olimpiadalari sovrindorlari, sportda yuksak natijalarga erishgan qizlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Universitet tayanch doktaranti Abduvalieva Dilsora  va talaba Radjapova Odinaxon “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III-Respublika tanlovi g‘olibasi bo‘ldi. Talaba qiz Iroda Jumanova “Yilning eng faol sportchi talabasi” deb e’tirof etildi. O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan “Ayollari qadr topgan yurt” madaniy tadbirida universitetning 8 nafar xodimasi taqdirlandi. Bayram munosabati bilan universitetning ishchi xodimalaridan 30 nafariga pul mukofotlari berildi.

Universitetning tayanch doktoranti Sh.To‘xtayorova JICA xalqaro o‘quv kusrlarida muvaffaqiyatli qatnashib, sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bunday ayollar universitetning g‘ururi, iftihori hisoblanadi. Toshkent davlat pedagogika universiteti kelajak pedagoglarini tayyorlaydi va bunda ayollarning muhim o‘rni bor.

Prezidentimiz “Hozirgi kunda har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lmog‘i shart” deya ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash maqsadida hukumatimiz tomonidan keng sharoitlar yaratilmoqda. Ayollar hokimlik, rahbarlik lavozimlariga tayinlanayotgani, davlat boshqaruvi sohasida ularning roli ortib borayotgani quvonarli hol.

Bayram tadbirida so‘zga chiqqan ayollar, talaba-qizlar o‘zlariga bo‘lgan bunday e’tibordan minnatdorchiliklarini yashirishmadi va bundan keyingi faoliyatlarida yurtimiz, jamiyatimiz uchun yanada ko‘proq ezgu ishlarni amalga oshirishlarini ta’kidlashdi.

Tadbirda talabalar tomonidan dunyoning turli tillarida qutlovlar yangradi. Bayram tadbiriga taniqli estrada san’atkorlari tashrif buyurdi. Iqtidorli talaba yoshlar tomonidan tayyorlangan musiqiy-chiqishlar, sahna ko‘rinishlari tadbirni yanada fayzli va go‘zal o‘tishini ta’minladi. Tadbir davomida bir qator faol, tashabbuskor professor-o‘qituvchilar, xodima ayollar va talaba qizlar universitet rahbariyati tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.