Masofaviy ta'lim bo'yicha talabaga olti maslahat

Shu paytgacha uydan turib o'qimagan bo'lsangiz va bunda siz nimalarga e'tibor qilish kerakligini bilmasangiz bu maslahatlar aynan siz uchun. Ko'plab ta'lim muassasalari talabalardan COVID-19 virusi tarqalishi bilan uydan turib o'qishni so'rashadi, ammo ta'limning bu shakli talabalar uchun samarali bo'lib qoladimi? Ma'lum jihatlarga e'tibor berilsa uydan turib muvaffaqiyatli o'qishning ko'plab usullari mavjud. "Men masofadan o'qishni boshlayapman, ammo bunda nimalarga e'tibor berish kerak?" Bunday savollar bugun tez-tez uchramoqda. So'nggi bir necha yillardan buyon ko'plab ta'lim muassasalari talabalarni masofaviy tarzda o'qitishni rag'batlantirib kelmoqda. Bizda esa bu amaliyotning hali to'laqonli shakllanmaganligi rost, ammo aniq reja va qat'iylik bilan masofaviy o'qitishni ijobiy yo'lga qo'ya olamiz. Uydan o'qishni boshlaganingizda sizga yordam beruvchi oltita eng yaxshi maslahatlar:

1.Uyda ishlashning birinchi qoidasi - vaqti-vaqti bilan uydan tashqariga chiqib turish! Uydagi o'qish kuni davomida toza havo olish uchun tashqariga chiqib turing. Xuddi shu tarzda, siz uyda dars qilish samaradorligini oshirishingiz mumkin. Haftasiga ikki marta yugurib turing yoki yengil tana mashqlarini bajaring.

2. Dars joyingizni almashtirib turing. Kichkina kvartirada ham, iloji bo'lsa, bir yerda o'tirib qolmang, darslarni xonangizda, ko'p qavatli uy hovlisida, mehmonxonada qilishingiz mumkin. Turli muhitda dars qilish zerikishingizga yo'l qo'ymay, vazifalarni bajarishingizga yordam beradi. Har bir yangi zonaga o'tish sizga yangicha fikrlagan holda bilim olishga yordam beradi va agar siz vazifani qilishda qiynalayotgan bo'lsangiz, sizni yangi energiya bilan ta'minlashi mumkin. Bir xillik samaradorlikni pasaytirishi esa turgan gap.

3. O'qish vaqtingizni aniq belgilab oling. Shu vaqt davomida shaxsiy hayotingiz sizni bezovta qilmasin. Ovqatlanib turib dars qilish yoki dars qilish paytida oila a'zolariga 10 soniya e'tibor qaratish dars qilishga bo'lgan xohishingizni bir necha barobarga pasaytirishi mumkin. Uy va o'qish aralashib ketishiga yo'l qo'ymang. Misol uchun, o'qish vaqti soat 14.00 dan 19.00 gacha davom etadi va bu vaqtda sizni hech kim bezovta qilmasligi haqida barchani ogohlantirib qo'ying. Dars qilish vaqti tugashi bilan darhol oilaviy hayotga kirishib ketmang, besh daqiqa sayr qiling.

4. Diqqatli bo'ling va sizni chalg'itadigan texnik vositalarni o'chiring: muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi va boshqalar mavjud. O'qish uchun siz bularning barchasini hayolingizdan chiqarib tashlashingiz kerak. Tushlik paytida uy ishlarini qilishingiz mumkin. Samarali o'qishning asosi - bu diqqat, shuning uchun diqqatni jamlash kerak.

5. Ijtimoiy aloqada bo'ling. Uyda o'qish yolg'iz tarzida bo'lishi mumkin. Shuning uchun, boshqa guruh a'zolari bilan bir necha marta qo'ng'iroqlashib yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bog'lanib turing. O'qishdagi sheriklar bilan o'zaro aloqani saqlagan holda, xuddi ta'lim muassasasidagi kabi umumiy o'quv muhitini yaratgan holda masofaviy ta'lim olishingiz mumkin.

6. Kunni yaxshi o'tkazish uchun nima kerakligini biling. Uydan o'qiganda atrof-muhitingizni boshqarishni unutmang. Siz darsingizni shorti va futbolkada, yoqtirgan musiqangizni tinglagan holda qilishingiz yoki bir soatlik yoga bilan shug'ullanishingiz mumkin. Dars qilishingiz uchun komfort bo'lgan zonani yaratishni unutmang.

Masofaviy ta'lim olishda hamma narsa rejali tarzda amalga oshirilishi eng ahamiyatli jihatdir. Oilani ta'limga, ta'lim olishni oilaga aralashtirib yubormang. Balki sizni dars qilayotganingizni o'qituvchingiz tekshirib tura olmas, shu sababli dars ham qilmassiz, lekin bu kelajakda erishishingiz mumkin bo'lgan zafarlardan sizni faqat uzoqlashtiradi xolos. O'z ustingizda ishlang, dam olib turishni ham unutmang. Zero, yaxshi dam ta'limga hamdam...