"Koronavirusga qarshi birga kurashamiz" xayriya aksiyasi

Hamma yoqda koronavirus haqida gaplar. Narxlarni asossiz oshirayotganlar, barcha yerda niqob taqqan odamlar, kasallikka oid statistikalar va hokazolar. Shunday bir paytda, Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-o'qituvchilari va xodimlaridan iborat ko'ngillilar jamoasi, bugun Chilonzor metro bekati yaqinida "Koronavirusga qarshi birga kurashamiz" xayriya aksiyasini o'tkazishdi. "Insonni har qanday sinovdan eson-omon olib o'tadigan kuch - bu mehr" shiori ostida o'tkazilgan aksiya doirasida yurtdoshlarimizga kasallikdan himoya qiluvchi bepul tibbiy niqoblar va kasallikdan himoyalanish uchun maslahatlar yozilgan posterlar tarqatildi.

Tibbiy niqoblarni bepul olayotgan yurtdoshlarimizdan biri bu aksiyaga quyidagicha fikr bildirdi:

"Bolam, shunday savob ishlarni qilayotganlarga rahmat. Har kuni ertalab kunim avvalo tibbiy niqobni qidirib sotib olish bilan boshlanardi. Bugun esa yo'limdan tibbiy niqob chiqib turibdi. Universitet rahbariyatiga, shu yerda tik oyoqda turib odamlarga bepul niqob tarqatayotganlarga rahmat. Yaratgan yurtimizni va xalqimizni o'zi bu balodan asrasin!"

Tibbiy niqoblar tanqisligi bo'lib turgan shunday bir paytda haqiqiy insoniylik fazilatlarini namoyon etib, yurtdoshlarimizni kasallikka qarshi birlashib kurashishga undagan, oddiy niqob tarqatish bilan bo'lsa-da, ezgulik qilishni ko'ngliga tukkan aksiya tashkilotchilariga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.