TDPU tayanch doktoranti ilk bora dissertatsiya himoyasini onlayn tarzda amalga oshirdi

Toshkent davlat pedagogika universitetining tayanch doktoranti Kamola Abrorxonova Sirdaryo viloyatida istiqomat qilish bilan birga fan doktorligi uchun dissertatsiya himoyasiga bir necha yillardan beri tayyorgarlik ko'rib kelayotgan edi.

Bir necha hafta avval Sirdaryo viloyatida ro'y bergan noxush falokat, to'g'on o'pirilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini sabab Kamola Abrorxonovaning ilmiy mehnati, izlanish natijalari suv ostida qolib yaroqsiz holga kelgandi.

Prezidentimizning Sirdaryo viloyatida suv toshqinidan aziyat chekkan aholi bilan qilgan suhbati davomida Kamola Abrorxonova yurtboshimizga ilmiy mehnati yaroqsiz ahvolga kelgan bo'lsa-da, uni qayta tiklash, ilmiy faoliyatni aslo to'xtatmaslikka va'da berib murojaat qilgandi.

Davlatimiz rahbari Kamola Abrorxonovani bunday shijoati, qishloq sharoitida bo'lsa ham ilm-ziyo tarqatish bilan shug'ullanayotganini e'tiborga olib respublikamizda birinchi bor, onlayn tarzda, TDPU tayanch doktorantiga fan doktori unvoni berish uchun dissertatsiya himoyasini o'tkazish vazifasini qo'ydi.

Joriy yilning 18-may sanasida Kamola Abrorxonovaning Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligigidan pedagogika fanlari bо‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim qilgan «Boshlang‘ich sinf о‘quvchilarini innovatsion yondashuv asosida milliy ruhda tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirish» mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasi vebinar texnologiyalari asosida onlayn shaklda bо‘lib о‘tdi. Dissertatsiya himoyasini a'lo darajada amalga oshirgan TDPU tayanch doktorantiga TDPU huzuridagi Ilmiy Kengash tomonidan fan doktori unvoni berildi. Kamola Abrorxonovaga fan doktori ilmiy unvoni OAK raisi, TDPU rektori, o'qituvchilari va shaxsan ota-onasi ishtirokida topshirildi.

Kamola Abrorxonovaga bundan keyin ham ilmiy va ish faoliyatida yuqori natijalarni ko'rsatishini, yurtimiz ta'lim tizimiga o'zgacha ruh, sifat va rivojlanish olib kiradigan yetuk olim bo'lishini tilab qolamiz.