Yoshlarda mehnat ko'nikmalarini rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan onlayn konferensiya bo'lib o'tdi

Respublikamizda texnologik ta’limni to‘g‘ri tashkil etish orqali yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent davlat pedagogika universitetida 2020-yil 20-may kuni "Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, texnologik ta’limni takomillashtirish va o‘quvchilar mehnat faoliyati ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatlari" mavzusida Respublika miqyosidagi onlayn konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya ishiga Texnologik ta’lim kafedrasi dotsenti G.Anorkulova koordinatorlik qildi.

Konferensiyada respublikamiz oliygohlari professor – o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar, magistrlar va umumta’lim maktablari o‘qituvchilaridan jami 112 nafar kishi ishtirok etdi. Professor, pedagogika fanlari doktori Erkin Ro‘ziyevning “Oliy ta’lim muassasalarida texnologiya o‘qituvchilarini grafik faoliyatga tayyorlashning mazmuni haqida” mavzusida, dotsent B.K.Dauletmuratovning "Mehnat ta’limining fan sifatida shakllanishi va uning inson hayotidagi ahamiyati” mavzusidagi, pedagogika fanlari doktori S.S.Bulatovning "Ilmiy kashfiyotlar yaratish va innovatsiyalarni badiiy ta’lim tizimini hamda uning mazmunini sifat - samaradorligini oshirish mehanizmlari” mavzusidagi, dotsent M.X.Shomirzayevning "Texnologiya fani darslarida muammoli talim" mavzusidagi, pedagogika fanlari nomzodi G.M.Anorkulovaning "Texnologik ta’lim" yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlashda modul - kredit tizimini qo‘llashning metodik asoslari” mavzusidagi, pedagogika fanlari doktori O.Qo‘ysinovning “Texnologiya darslarida o‘quvchilarning kreativ - ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish bosqichlari" mavzusidagi ma’ruzalari tinlandi.

Konferensiyada muhokama qilingan masalalar yuzasidan pedagogika fanlari doktori, professor N.A.Muslimov va pedagogika fanlari nomzodi, dotsent R.G.Mullahmetovlarning tanqidiy fikrlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Konferensiya ishtirokchilari texnologiya darslarida noan’anaviy o‘qitish metodlaridlan foydalanish, interfaol ta’lim metodlari, muammoli vaziyatlarni qo‘llash metodlari, innovatsion usullarni o‘rganishga qaratilgan muntazam ravishda shunday konferensiyalarni tashkil qilishga qaror qildilar.