TDPUda “Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamisha e’tiborda” mavzusida onlayn uchrashuv o‘tkazildi

Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakulteti bitiruvchi kurs talabalari bilan “Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamisha e’tiborda” mavzusida onlayn uchrashuv o‘tkazildi

Toshkent davlat pedagogika universiteti respublikamiz maxsus ta’lim sohasi uchun yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi. E’tiborli jihati shundaki, Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakulteti tayyorlayotgan kadrlariga ularning iste’molchilari bo‘lmish – maxsus maktab-internatlari, umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tomonidan bitiruvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha oldindan buyurtmalar portfeli miqdori yildan-yilga oshib bormoqda.

2019-2020-o‘quv yilida Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan 132 nafar bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan joriy yilning 22-iyun kuni onlayn uchrashuv tashkil etildi. (https://www.youtube.com/watch?v=v2UA0azd-N0) 

Uchrashuv davomida Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Umarov Alisher Yusubjanovich, O‘zbekiston Republikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Kenjayev Dilshod Mutolibovich, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 101-sonli kar bolalar maxsus maktab internati direktori Ibragimova Olesiya Vladimirovna, bitiruvchi kurs talabalari va ularning ota-onalari ishtirok etishdi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovichning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigi ham onlayn tarzda namoyish etildi.

Tadbirda bitiruvchi kurs talabalaridan Luiza Arifjanova va Sayyora Dadajonovalar to‘rt yil mobaynida bilim berib kelgan aziz ustozlarning har bir o‘giti, bergan bilim va ta’lim-tarbiyasi qalblarida umrbod muhrlanib qolishini izhor etib, ularga tashakkur bildirdilar.