TDPU Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan xalqaro konferensiya o'tkazdi

Ikkinchi jahon urushi odamzod boshidan o'tkazgan eng ulkan qirg'inlardan biri. Unda o'z yurti, oilasi ozodligi va tinch hayoti uchun jon bergan, kurashganlarni esa ulug'lashga so'z topib bo'lmaydi.

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan II jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan o'tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun hozirda Moskva shahrida bo'lib turibdi. Davlatimiz rahbari va Rossiya Federatsiyasi prezidenti o'rtasida bo'lib o'tgan suhbatda yurtboshimiz Vladimir Putinni va butun Rossiya xalqini buyuk bayram bilan tabrikladi. "Bu bizning umumiy tariximiz, umumiy g'alabamiz" - dedi Shavkat Mirziyoyev. Muhtaram Prezidentimiz Rossiya tomoniga Toshkentda bunyod etilgan G'alaba bog'idagi memorial majmua fondini boyitish uchun arxiv materiallari bilan ta'minlashga, shuningdek, O'zbekiston xalqining G'alabaga qo'shgan hissasi to'g'risida yanada ishonchli statistikani yaratishda hamkorlik qilishga tayyorliklari uchun minnatdorchilik bildirib o'tdi.

Prezidentimiz boshlab bergan, Ikkinchi jahon urushida g'alabaga hissa qo'shgan yurtimiz o'g'lonlari xotirasini yanada mangulashtirish, O'zbek xalqining ushbu urushdagi ishtirokiga oid tarixiy-ilmiy izlanishlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti, Konrad Adenauer jamg'armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O'zbekiston Tarixchilar jamiyati bilan hamkorlikda "Ikkinchi Jahon urushi tugallanganligining 75 yilligi: yangi yondashuvlar va tadqiqot istiqbollari" mavzusida xalqaro onlayn konferensiya tashkil etildi.

Onlayn konferensiya doirasida TDPU rektori Alisher Umarov, Konrad Adenauer jamg'armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, O'zbekiston Tarixchilar jamiyati raisi Baxtiyor Xasanovlar so'zga chiqdilar.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g'alaba va unda ozodlik uchun kurashgan xalqlarning jasorati, g'alabaning insoniyat tarixidagi o'rni, ayniqsa urushda ishtirok etgan millionlab o'zbekistonliklarga oid yangi faktlar konferensiya doirasida keng muhokamalarga sabab bo'ldi.

Xalqaro konferensiyada O'zbekiston, Rossiya, Moldova, Belorussiya, Qirg'iziston, Tojikiston davlatlaridan bir qator mutaxassis va vakillar ishtirok etishdi. Konferensiya yakunida tomonlar bunday tusdagi uchrashuv va muloqotlarni davomli yo'lga qo'yish, ilmiy izlanishlarda hamkorlik qilish va Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaga oid tadqiqotlarni izchil olib borishga kelishib oldilar.