TDPUda o'zbek tilining 5 jildlik yangi izohli lug'ati taqdimoti bo'lib o'tdi

Toshkent davlat pedagogika universitetida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining bir qancha olimlari say-harakatlari bilan tayyorlangan O'zbek tili izohli lug'atining 5 jildlik yangi nashri taqdimoti bo'lib o'tdi.  (https://www.youtube.com/watch?v=H-h_SnZUfv4) 

3 ming nusxa, 15 ming adadda chop etilgan O'zbek tilining yangi izohli lug'ati avvalgi nashrlarga nisbatan ancha mukammallashtirilgan. Ushbu lug'atning mobil ilovasi ham yaratilgan bo'lib, u muntazam ravishda boyitilib borish imkoniyatiga ega.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug'appor Qirg'izboyevning so'zlariga ko'ra, shu yilning o'zida shunga o'xshash kitoblarning 10 turi minglab nusxalarda chop etiladi. Shu yilning o'zida bunday tashabbuslar uchun 4-5 milliard so'm mablag' sarflanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari Davlat tilida ish yuritishga doir yangi kitob ustida ham ish olib borilmoqda. Shuningdek, izohli-lugat.uz saytini yaratish ustida ham ishlar boshlab yuborilgan.

Taqdimotda ishtirok etgan TDPU rektori Alisher Umarov o'z chiqish so'zida, bunday izohli lug'atlar bilan bir qatorda mobil lug'atlarni yanada rivojlantirish, yoshlarda lug'atlardan foydalanish ko'nikmalarini oshirish uchun lug'atlardan foydalanish darslarini tashkil qilish lozimligiga alohida urg'u berib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va O'zbekiston Fanlar Akademiyasining bir guruh mutaxassislari tomonidan tayyorlangan yangi 5 jildlik izohli lug'at o'zida muloqot davomida muntazam ishlatiladigan so'zlar, so'z birikmalari, turli sohalarga oid terminlar, shevada foydalaniluvchi so'zlar, tarixiy atamalarni mujassam etgan.

Taqdimot yakunida bir guruh O'zFA olimlari, tilshunos adabiyotshunos mutaxassislar, turli vazirlik, tashkilot va muassasa rahbarlarining davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchilari hamda jamoatchilik orasida davlat tili obro'sini oshirishga qaratilgan faoliyat olib borayotgan jurnalistlarga o'zbek tili izohli lug'atining 5 jildlik yangi to'plami sovg'a qilindi.