TDPU doktorantlarining muvaffaqiyatlari

Toshkent davlat pedagogika universiteti tayanch doktorantlarining ilmiy muvaffaqiyatlari respublikamiz ilmiy jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.

2020-yil 29-iyun kuni universiteimizning tayanch doktoranti Ruzikulova Nigora Shuxratovnaning 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (matematika) ixtisosligidan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining axborotlar bilan ishlash kompetensiyasini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSs.22/30.12.2019.T/PED.99.01 raqamli Ilmiy kengashda himoyasi tashkil etildi. (https://www.youtube.com/watch?v=c0HqSLjdrj4)

Tayanch doktorant N.Ruzikulovaning amaliy natijalari fan sohasi mutaxassislari tomonidan yuksak baholandi. N.Ruzikulova tomonidan tayyorlangan dissertatsiyada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining matematika fanidan o‘zlashtirish darajasini TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) xalqaro baholash dasturiga uyg‘unlashtirish asosida axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi rivojlantirilgan.

Dissertatsiyada o‘quvchilarning matn, tasvir, raqam ko‘rinishidagi o‘quv materiallarini interpretatsiya qilishi asosida axborotlar bilan ishlash kompetensiyasining pedagogik imkoniyatlarini rivojlantirish bosqichlari aniqlangan. Tajriba-sinov ishlari natijasida matematika fanini o‘qitishning didaktik imkoniyatlari o‘quvchilarni algoritmik axborot almashinish faoliyatiga bosqichma-bosqich yo‘naltirish asosida takomillashtirilgan.

O‘quvchilarning axborotlar bilan ishlash kompetensiyasini rivojlantirish modeli boshlang‘ich sinf «Matematika» fanidan o‘quv axborotlarini tahliliy-sintetik qayta ishlash, imitatsiyalarini yaratish, o‘quv materiallarini interpretatsiya qilish asosida takomillashtirilganligi ishning amaliy qiymatini yanada oshirgan. N.Ruzikulova 3-sinf uchun «Matematika» darsligi muallifi bo‘lib, respublikamizda umumat’lim maktablari uchun 7 ta tilda, 700 mingdan ortiq nusxada nashr etilgan.

Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSs.22/30.12.2019.T/PED.99.01 raqamli Ilmiy kengash a’zolari N.Ruzikulovaga 100 foiz ijobiy ovoz berib, uni pedagogika fanlari bo‘ycha falsafa doktor ilmiy darajasiga loyiq degan xulosaga keldilar.

Shuningdek, shu kuni universitetimizning mustaqil izlanuvchisi Saidova Mohinur Jonpo‘latovnaning «Boshlang‘ich sinf matematika darslarida axborot texnologiyalaridan foydalanish metodikasini takomillashtirish» mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasi ham bo‘lib o‘tdi. N.Ruzikulova va M.Saidovalarga tez kunlarda pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi diplomini olishni tilab qolamiz.