TDPU o'z bitiruvchilari uchun yana bir ahamiyatli onlayn uchrashuv tashkil etdi

Toshkent davlat pedagogika universitetida joriy yilning 7-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4708 sonli Qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan, shuningdek TDPU Fizika-matematika fakulteti bitiruvchilarini tabriklash uchun OʻzR FA V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti akademiklari ishtirokida onlayn uchrashuv (https://www.youtube.com/watch?v=j4RdjdeBvzY) oʻtkazildi.

Tadbirni TDPU rektori Alisher Umarov ochib berdi va “Matematika oʻqitish metodikasi” kafedrasi bakalavriat ta'lim yo'nalishining 65 nafar bitiruvchilarini, “Aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish metodikasi (matematika)” kafedrasi magistratura bosqichining 4 nafar bitiruvchilarini universitetni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan tabrikladi.

Uchrashuv davomida dunyo tanigan olim, OʻzR FA Matematika instituti direktori, akademik Ayupov Shavkat Abdullayevich soʻzga chiqib matematika sohasiga bugungi kunda berilayotgan e'tibor, zamonaviy va yangi kadrlarga bo'lgan ehtiyoj, matematika ilmi rivojiga oid fikrlarini bayon etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Matematika jamiyati raisi, akademik A’zamov Abdulla A’zamovich, OʻzR FA akademigi Farmonov Shokir Qosimovichlar soʻzga chiqib, yigʻilganlarga oʻzlarining yuksak tajribasidan kelib chiqib, hozirgi kunda zamonaviy matematika sohasida amalga oshirilayotgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va ularning yechimlari toʻgʻrisida ma’ruza qildilar.

TDPU professori Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq ta’limi xodimi Madrimov Mamatsali Madirimovich bitiruvchilarga o'z tabrik soʻzlarini yoʻllab, ularga kelasi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik palatasi deputati, f.-m.f.n. Ibragimov Muxtar Mamutovich (ZOOM platformasi orqali) soʻzga chiqib oʻzi ham TDPU da ta’lim olganligini, ushbu ta’lim muassasasining jonkuyar ustozlari mexnatlarini e’tirof etib, bitiruvchilarni universitetdagi ta'limni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan qutladi.

Uchrashuv mobaynida matematika sohasi rivojlanishi uchun ishlab chiqilayotgan normativ hujjatlar, ushbu sohada ochilgan yangi ta’lim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaxassisiliklari uchun ajaratilagan kvotalarning barchasi davlat grantida ekanligi ta'kidlandi.

Tadbir soʻngida bitiruvchilar, ish beruvchilar, ota-onalar so'zga chiqib universitet rahbariyati, professor-o'qituvchilarga o'z minnatdorchiliklarini bildirishdi.