"Abdulla Avloniyning ilmiy-pedagogik qarashlari" mavzusida xalqaro onlayn konferensiya bo'lib o'tdi

Joriy yilning 10-iyul kuni, Toshkent davlat pedagogika universitetida "Abdulla Avloniyning ilmiy-pedagogik qarashlari" mavzusida xalqaro onlayn konferensiya bo'lib o'tdi. 

Konferensiyada Rossiya, Turkiya, Xitoy, Belarus, Qozog'iston kabi davlatlardan 70 ga yaqin soha mutaxassislari, pedagoglar, tarixchilar va ilmiy doira vakillari qatnashdilar.

Onlayn shaklda, karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda o'tkazilgan konferensiyada buyuk jadidchi, ilm-ma'rifat kurashchisi Abdulla Avloniyning ilmiy-pedagogik qarashlari, asarlari, fikrlari turlicha yondashuvlar asosida tahlil qilindi.

Konferensiyaning bosh g'oyasi - Avloniy bobomizning ulkan ilmiy-pedagogik merosini zamonaviy pedagogika sohasiga joriy qilish, chuqur o'rganish, xalqaro maydonda targ'ib qilish, yoshlarda unga nisbatan qiziqishni oshirish, ta'lim-tarbiyaning turli bo'g'inlarida yetarli darajada foydalanish bo'yicha ham fikrlar almashildi.

Toshkent davlat pedagogika universitetida Abdulla Avloniyning ilmiy merosini tahlil va tadbiq qilish bo'yicha ulkan ishlar boshlab yuborilgan bo'lib, bunday ishlar turkumiga ulug' ma'rifatparvar bobomizning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, professor-o'qituvchilar, talabalar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish, xalqaro miqyosida hamkorlika asosida Avloniy nomini tanitish va hokazolarni misol qilib keltirish mumkin.

Konferensiyada ishtirok etgan xalqaro hamjamiyat vakillarida ushbu mavzudagi onlayn muloqot katta qiziqish uyg'otdi va ular tomonidan Avloniy shaxsiga bag'ishlangan bunday ilmiy uchrashuvlarni uzluksiz davom ettirish taklif qilindi.