O'zbek tilini o'qitishga oid xalqaro onlayn konferensiya o'tkazildi

Toshkent davlat pedagogika universitetida 2020-yil 3-avgust kuni “Uzluksiz ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirish” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya tashkil etildi.

O'zbek tilida bemalol gapirayotgan AQSh fuqarolari ishtirok etgan ushbu konferensiyada tilga oid juda dolzarb va qiziqarli masalalar xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamentining mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev , Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov, Michigan universiteti doktoranti Albert Kavalaro, Rid Kolleji magistranti Bill Xe, Kaliforniya lyuteran universiteti bitiruvchisi Elli Barker va bir qator ekspertlar konferensiyada so'zga chiqib, o'zbek tili obro'sini milliy va xalqaro maydonlarda oshirish, tilni masofadan o'qitishning yangi texnologiyalarini yaratish va undan foydalanish, mavjud tizimda o'zbek tilini o'qitishdagi xato-kamchilik va yutuqlarni shaffof tarzda tahlil va monitoring qilib borish, o'zbek tilini bilish darajasini belgilovchi (IELTS kabi) maxsus tizim ishlab chiqish va shunga o'xshash bir qator aktual mavzularda fikr almashdilar.

Konferensiya ishida o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha respublikamizdagi olimlar va amaliyotchi mutaxassilar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishirok etdilar. O‘zbekiston davlat jaxon tillari instituti professori, pedagogika fanlari doktori Muxitdinova Xadicha Sabirovna “Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarida o‘zbek tili uzluksiz o‘qitilishini ta’minlash” mavzusidagi, Toshkent Prezident maktabi ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida O‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish” loyihasi ishtirokchisi Zulfiya Rashidova “Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi Ona tili darslarida to‘rt lisoniy malakani rivojlantirish” mavzusidagi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida O‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish” loyihasi eksperti Iroda Azimova “Ona tili o‘zlashtirilishidagi psixolingvistik qonuniyatlar va ularni ta’limga tatbiq etish” mavzusidagi, Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Adilova Saodat Abduraximovna “Oliy ta’limda o‘zbek tilini masofadan o‘qitishning ayrim imkoniyatlari” mavzusidagi ma’ruzalarini taqdimot shaklida bayon qildilar.

Chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etishga oid taklif va mulohazalar barchada o'zgacha qiziqish, e'tiborni yuzaga keltirdi.