Universitet rektorining abiturientlarga murojaati

Hurmatli abituriyent!


Sizga Respublikamizdagi oliy ta`lim muassasalari orasidan bizning Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tanlaganingiz uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

riktor

Bizning jamoa o’z oldiga zamonaviy bilimlarni egallab, sohaning yetuk mutaxassisi bo’lishni hamda jonajon Vatanimiz ravnaqiga hissa qo’shishni niyat qilgan intiluvchan yoshlarga o’z maqsadlariga Yetishishida ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlaydi va bor imkoniyatlarini safarbar etadi.

2020-2021 o’quv yilida TDPU kunduzgi, kechki va sirtqi ta`lim shakllari bo’yicha 51 ta bakalavriat ta`lim yo’nalishlarida 3200 nafar talabani qabul qiladi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlarning oliy ta`lim olishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar yildan-yilga kengayib, inson kapitaliga davlat tomonidan juda katta investitsiya kiritilmoqda. Bunday g’amxo’rlik natijasida talabalikka qabul qlingan yoshlar soni oxirgi uch yilda uch barobarga ortdi. Joriy yilda abituriyentlarning hujjatlarini ro’yxatdan o’tkazish to’liq masofadan amalga oshirildi. Bizning TDPUga kirish uchun 49453 nafar abituriyent hujjatlarini ro’yxatdan o’tkazdilar.

Bugungi kunda butun jahonda kechayotgan pandemiya sababli mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlari muddatlari kechiktirildi. Bu avvalo, Siz - yoshlarning salomatligingizni o’ylab, o’z bilimingizni namoyon qilish uchun qulay va xavfsiz shart-sharoit yaratish maqsadida qilindi.
Muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan kirish imtihonlari shaharlar va viloyatlardagi markaziy stadionlarda, ya`ni ochiq maydonlarda karantin talablariga qat`iy rioya etgan holda 2020 yil sentyabr oyining 2-sanasidan boshlab o’tkazilishi rejalashtirildi.

Siz pasportingiz va DTM ruxsatnomangiz bilan ruxsatnomada ko’rsatilgan manzilga belgilangan vaqtda yetib kelishingiz zarur. Eslatib o’tamiz, DTM ruxsatnomalarini joriy yilning 22 avgustidan boshlab DTM sayti (abitur.dtm.uz)dagi shaxsiy kabinetingiz orqali olishingiz mumkin!

Abituriyentga eslatma!
Imtihon kuni belgilangan manzilga karantin qoidalariga rioya qilib, xavfsizligingizni ta`minlab, yaxshi kayfiyatda va o’z vaqtida Yetib kelishingizni so’raymiz.

Aziz ota-onalar va yaqinlaringizdan imtihon kunlari uyda qolib, imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishlarini so’raymiz.
Kirish imtihonlarining o’tish muddati, jadvali va natijalari hamda o’zingizni qiziqtirgan barcha savollarga javoblarni http://abiturient.tdpu.uz/ sayti, @tdpu_qabul2020 telegramm kanalidan olishingiz, shuningdek info@tdpu.uz elektron pochtasiga yoki 71-202-44-21 raqamli telefonga murojaat qilishingiz mumkin.

Unutmang, faqat puxta tayyorgarlik va kuchli bilim bilangina talaba bo’lish baxtiga muyassar bo’lishingiz mumkin. Shunday ekan, bir daqiqa ham bilim olish va o’z ustingizda ishlashdan to’xtatmang. Sizga ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o’tib olishingizda ulkan zafarlar tilaymiz.

Omad yor bo’lsin!

Hurmat bilan,                                   

  REKTOR                                          A.UMAROV