O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Asil Rashidov

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi hamda o‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli pedagog olim, adibiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov shu yil 15-sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.

Jizzax zamindan ko‘plab shoiru adiblar, davlat arboblari yetishib chiqqan. Shavkat Mirziyoyev, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Sarvar Azimov, Qodir Imomov, Shukur Sa’dulla, Nasrullo Oxundiy, Orifjon Ikromov, Polvon Azizov ana shunday zotlardir.

Professor, mohir jurnalist, nuktadon adabiyotchi, taniqli tarjimon Asil Rashidov ham ana shu muhit farzandi, mana shu tarixiy silsilaning uzviy halqasini tashkil qiladi. Asil Rashidov – 1930 yilning 1-yanvarida Jizzax viloyati Jizzax tumanidagi Sovungarlik mahallasida tug‘ilgan. Asil ismi – Asliddin. Bolaligi uni Nishon, Xolmat deb ham chaqirishgan. Nishon ismi bir tutam oq soch bilan tug‘ilgani uchun qo‘yilgan bo‘lsa, tanasida xoli borligi uchun Xolmat deb ham atashgan. Otalari – mirishkor dehqon (hosilot soveti raisi) Rashid Xalilov (1890-1954) bilan onalari Qo‘ysinoy Xalilova (1892-1955) olti o‘g‘il (Kamoliddin, Sharofiddin, Sahobiddin, Isomiddin, Asliddin, Nasriddin) ni tarbiyalashgan.

Ma’lumki, Asil Rashidovning akalari Sharofiddin Rashidov (1917-1983) uzoq yillar davomida respublika kompartiyasining Birinchi sekretari bo‘lib ishlaganlar. Eng kenja inilari Nasriddin Rashidov (1933-2002) umrining so‘nggi yillarida Jizzax politexnika institutida rektor bo‘lib ishlagan edilar. Asil Rashidov 1937-yili maktabga borgan. Maktabni bitirib, 1946-yildan boshlab Jizzax shahridagi Hamid Olimjon nomidagi bilim yurtida o‘qishni davom ettirgan. 1949-1954-yillarda (O‘rta Osiy Davlat universiteti – keyinchalik ToshDU, hozirgi O‘zMU) dastlab biologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Yarim yildan so‘ng o‘qishini filologiya fakulteti qoshidagi jurnalistika bo‘limiga ko‘chirgan va shu bo‘limni bitirib chiqqan. Asil Rashidov o‘qishni bitirishi bilan “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasiga ishga kirgan. Birin-ketin katta-kichik asarlari: maqola, ocherk va tarjimalari nashr qilina boshlagan. Dastlab adabiy xodim sifatida ishga qabul qilingan Asil Rashidov bosh muharrir Ibrohim Rahim nazariga tushib, adabiyot bo‘limi, madaniyat bo‘limida ishlay boshlagan. Muayyan muddatdan keyin targ‘ibot bo‘limiga mudir qilib tayinlangan. U qisqa fursatda ijtimoiy fanlar kafedralarining ko‘plab xodimlarini gazeta bilan hamkorlikka jalb etishga erishgan. Gazetada «Qardoshlik», «Do‘stlik kuylari», «Do‘stlik bayrog‘i ostida», «Amerika progressiv adabiyotida negrlar hayotining aks ettirilishi», «Buyuk xalq qudrati», «Yangi davr, yangi kishilar obrazi» kabi maqolalari chop etilgan.

A.Rashidov 1958-yilda o‘qishni davom ettirish uchun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi TDPU)ga kelgan. Aspirant sifatida o‘qib, “O‘zbek adabiyoti” kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1981-yilda falsafa fanlari doktori, akademik Vohid Zohidov rahbarligida «O‘zbek qissalarida mehnat tasviri» mavzusida nomzodlik ishini himoya qilgan. U sevimli kasbiga umr bo‘yi sodiq bo‘lib kelgan. Nizomiy nomidagi TDPI ( hozirgi TDPU ) da 60 yildan ortiq muddat ishlagan davrida kafedra dotsenti, keyinchalik professori bo‘lish bilan birga, oliy ta’lim dargohining ko‘p nusxali gazetasiga yigirma ikki yil davomida bosh muharrirlik qilgan.

Olimning “So‘nmas yulduzlar”, “Леся Украинка”, “Герой – человек труда”  kitoblari, “O‘zbek qissalarida mehnat tasviri”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” monografiyalari chop etilgan. U prof. G‘.Salomov bilan ijodiy hamkorlikda tarjima ishlariga qo‘l urib, uning maslahatlari bilan uzoq yillar davomida Chingiz Aytmatovning deyarli barcha qissa va hikoyalari (“Jamila”, “Birinchi muallim”, “Sarvqomat dilbarim”) ni, “Asrga tatigulik kun” romanini o‘zbek tiliga o‘girgan. Bu tarjimalarga baho bergan Ch.T.Aytmatov:

“Men ixlos bilan kitoblarimni o‘zbek tiliga tarjima qilgan do‘stlarimga, ayniqsa, adabiyotshunos-tarjimon Asil Rashidovga tashakkur aytmoqchiman. Chunki mening asarlarimni Asiljon o‘zbekchaga xuddi men qirg‘iz tilida yozganday jarangli tarjima qildi. Mana shuning o‘zi ham do‘stlikning kuch-qudratidir”, – deb yozgan edi.

A.Rashidov  “Леся Украинка”ning “Qo‘shiqlar qanotida”, ”Qrim xotiralari”, “O‘ylar va orzular”, “Aks-sadolar”, “Erk haqida qo‘shiqlar” kabi to‘plam va turkumlardan o‘rin olgan “Oh, mening ona diyorim”, “Xayr, sevikli o‘lka”, “Marvarid yoshlar”, “Umid bilan kutaman” kabi yuksak pafos, nozik lirizm bilan bitgan she’rlarini, “Samson”, “Oy afsonasi” kabi poemalari, “Atirgul”, “Oysha va Muhammad”, “Kassandra” kabi drama, dramatik etyud, dialoglarini tahlil qilgan edi.

“O‘zbekiston” nashriyotida 2010-yili chop etilgan “Asil Rashidov safdoshlari va zamondoshlari nigohida” nomli o‘n ikki bosma taboq hajmidagi to‘plamdan qirq nafar taniqli olim va yozuvchining Asil aka haqidagi maqola, esse va taqrizlari o‘rin olgan. A.Rashidov mashhur paxtakor Hamroqul Tursunqulovning qizlari Sharvanoy Hamroqulova (1932-1988) bilan turmush qurgan. Fotima-Zuhra , Qo‘ysinoy, Bahromjon ismli farzandlari, o‘nlab nevara, chevara, evaralari bor. Muallim, murabbiy, ustoz, bir umr pedagogik, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullangan, talay mukofot, sovrinlar sohibi Asil Rashidovdan saboq olgan filolog, qalamkash shogirdlar ham bir talaydir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 27 iyundagi PF-5464-son Farmonlari bilan Asil Rashidovga «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi» unvoni berilgan edi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarjimon, publitsist, adabiyotshunos olim Asil Rashidovning porloq xotirasi xalqimiz qalbida mangu barhayotdir.