TDPU faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinganligi yuzasidan munosabat

Kuni kecha ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan «Adolatni tiklashga nega qarshilik qilinmoqda» mavzusidagi lavha efirga uzatildi. Ushbu lavhada Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati sha’niga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tasdiqlanmagan va asossiz xabarlar berildi.

Lavha davomida universitet xodimi Sh.R.ni ishga tiklash haqidagi sud qarorining ijro etilmayotganligi hamda Chilonzor tumani MIB xodimlarining Toshkent davlat pedagogika universiteti hududiga kiritilmayotganligi bo‘yicha videotasvirlar aks etdi. Vaholanki, Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan da’vogar Sh.R.ni avval egallab turgan kafedra mudiri lavozimi yoki universitet tizimida unga teng boshqa lavozim bilan ishga tiklash to‘g‘risidagi sudning ijro hujjati amalga oshirilgan.

Hozirgi paytda universitet rektorining 2020-yil 10-avgustdagi buyrug‘iga asosan mazkur kafedra mudiri sifatida ilmiy darajaga ega bo‘lgan I.I. faoliyat olib boradi. Ayni damda universitetning o‘zida ushbu lavozimga teng bo‘sh joylar mavjud emasligi sababli, Sh.R. Toshkent davlat pedagogika universitetining Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-sonli «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga berilgan va texnikum uning ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu lavozim oylik ish haqi va mavqei jihatdan universitet kafedra mudiri lavozimiga teng hisoblanadi. Ushbu holat to‘g‘risida universitet tomonidan 2020 yil 17 sentyabrda Chilonzor tumani MIB bo‘limiga rasmiy xat yuborilgan. Ushbu jarayonga qadar ham bir necha marta Chilonzor tumani MIB bo‘limiga O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 33-moddasiga asosan ijro hujjatlari muddatini uzaytirishni so‘rab murojaat qilingan. Ammo Chilonzor tumani MIB bo‘limi tomonidan universitet tomonidan yozilgan xatlarga yozma javob berilmagan.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2020 yil 20 avgustdagi hal qiluv qaroriga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Appelyatsiya shikoyatini ko‘rish fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 2020 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Ushbu holat bo‘yicha universitet mas’ullari tomonidan Chilonzor tumani MIB bo‘limiga ma’lumot berilgan. Ammo shunga qaramasdan byuro Chilonzor bo‘limi ijrochisi tomonidan ushbu holat inobatga olinmagan.

O‘zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasiga ko‘ra, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish ta’qiqlanadi. Shunga asosan, efirga uzatilgan lavhada to‘laqonli sud ishi yakunlanmasidan turib, sudga ta’sir o‘tkazishga urinish holati kuzatilgan.

Videolavhada jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan xodimaning universitet rektori haqida aytgan fikrlari ham asosga ega emas. Universitetda ilmiy darajaga ega bo‘lgan har qanday xodim universitetning Ilmiy Kengashi qaroriga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etiladi. Shuningdek, universitet rahbariyati sud ishi appelyatsiya tartibida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga oshirilganligini hisobga olib, sud ishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday OAVga ma’lumot berishni rad qilgani, bu qonunni mensimaslik emas, balki qonunga amal qilishdir.

Shu o‘rinda haftaning har seshanba kuni soat 08.00-11.00 gacha universitet rektorining qabul kunlari ekanligini ham aytib o‘tish joiz. OAV tomonidan jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan xodima ismi-sharifi sir saqlanishini istaganligi aytib o‘tildi. Ammo, lavha muallifi bu o‘rinda, ishni to‘liq o‘rganmay turib, universitet rektori ism-sharifi ta’kidlangan, unga qarata noxolis va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan fikrlar aytilgan intervyu lavhasini efirga uzatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 100-moddasiga asosan da’vogarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini pastga uruvchi ma’lumotlarni haqiqatga to‘g‘ri kelishini tasdiqlash javobgarning zimmasiga yuklatilgan. Universitet yuqoridagi qonun moddasiga asosan da’vo arizasini ochadigan bo‘lsa, videolavha muallifi hamda universitetning sobiq xodimasi qonuniy javobgarlikka tortiladi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga ko‘ra, tuhmat qilganlik, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima belgilangan. Muallifning masalani to‘liq o‘rganmasdan, huquqiy tomonlarini chuqur bilmasdan bir tomonlama va noxolis axborot berganligi universitetning ijtimoiy mavqeiga va ma’naviy muhitiga zarar keltirdi.

O‘zbekiston Respublikasining «Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari keltirilgan bo‘lib, unda o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida oliy ta’lim tizimini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish borasida konseptual fikrlar o‘rtaga tashlangan edi. Bugungi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati ham tizimda korrupsiyaga moyil, ilmiy va kasbiy talablarga javob bermaydigan xodimlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rmoqda. Afsuski ba’zi o‘z kasbiga noloyiq xodimlar o‘z xatolarini tan olishdan bosh tortib, shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘ygan holda biryoqlama, noxolis qarashlar va populizm orqali universitetning o‘quv va ish jarayoniga salbiy ta’sir etishga urinmoqda.

Shu o‘rinda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti jamoasi barcha ommaviy axborot vositalari bilan pedagogik ta’lim sohasida doimiy axborotlar tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qiladi.