TDPU rektorining jarimaga tortilgani bo‘yicha munosabat

Kuni kecha internet saytlari orqali Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori ma’muriy sud tartibida javobgarlikka tortilgani haqida maqola e’lon qilindi.

Ushbu holat bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universiteti quyidagilarni ma’lum qiladi: avval xabar berganimizdek, sobiq kafedra mudiri Sh.Rahimovani ishga tiklash bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining qarori yuzasidan universitet tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Sud jarayonlari hali oxiriga yetmagan.

Hozirda Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan da’vogar Sh.Rahimovani avval egallab turgan kafedra mudiri lavozimi yoki universitet tizimida unga teng boshqa lavozim bilan ishga tiklash to‘g‘risidagi sudning ijro hujjati amalga oshirilgan. Ushbu holat to‘g‘risida universitet tomonidan MIB Chilonzor tumani bo‘limiga bir necha bora rasmiy xat yuborilgan. Hozirgi paytda universitet rektorining 2020-yil 10-avgustdagi buyrug‘iga asosan mazkur kafedra mudiri sifatida ilmiy darajaga ega bo‘lgan I.I. faoliyat olib boradi. Ayni damda universitetning o‘zida ushbu lavozimga teng bo‘sh joylar mavjud emasligi sababli, Sh.Rahimova Toshkent davlat pedagogika universitetining Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi PF-5812-sonli «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan Xo‘jayli xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufiga berilgan va texnikum uning ajralmas qismi hisoblanadi.

Ushbu lavozim oylik ish haqi va mavqei jihatdan universitet kafedra mudiri lavozimiga teng hisoblanadi. Shunga qaramasdan, MIB Chilonzor tuman bo‘limi sud qarori ijrosini ta’minlamagan deb rektorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudga taqdimnoma kiritgan.

Ma’muriy sudga universitet rektori belgilangan tartibda chaqirilmagan, sudga kelish yuzasidan chaqiruv qog‘ozi berilmagan, va rektorning xabari bo‘lmaganligidan foydalanib uni sudda kelmagan deb noqonuniy ravishda e’lon qilib qaror chiqarilgan.

Hozirda universitet tomonidan ma’muriy sud qaroriga kassatsiya shikoyati kiritilgan. Shu o‘rinda yuqoridagi holatlarning barchasi apellyatsiya asosida endi bo‘lib o‘tadigan sud jarayoniga bosim va ta’sir ko‘rsatish uchun qilingan harakatlardir. Shuni inobatga olgan holda, MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati vaziyatga xolis baho beradi degan umiddamiz.