Nizomiy nomidagi TDPU tomonidan Abdulla Avloniy asari uch tilda chop etildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 1-oktabr – "O‘qituvchi va murabbiylar kuni"ga bag‘ishlangan tantanali marosimda, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanligi, millat va davlat istiqbolida yetuk allomalarining mehnati unutilmasligi va hamisha ulug‘lanishini anglatadi.

Ta’lim-tarbiya, xulq, madaniyat kabi ko‘plab umuminsoniy qadriyat va tushunchalar ustida ulkan ijodiy boyliklarni yaratgan Abdulla Avloniy shaxsi va ijodiy qarashlari pedagogika ta’limi sohasi uchun yo‘lchi yulduz vazifasini o‘taydi.

Shu o‘rinda, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ham Abdulla Avloniy merosini o‘rganish va uni keng tadbiq qilishda ko‘plab salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Nizomiy nomidagi TDPU jamoasi tomonidan Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yohud axloq” asari rus, ingliz va qozoq tillariga tarjima qilinib, nashr etildi va joriy yilning 17-oktyabr kuni Adiblar xiyobonida joylashgan “Toshkent muzeyi” anjumanlar zalida mazkur asar taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdi. Tadbirda ma’rifatparvar adibning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan qator, ilmiy-ma’rifiy va amaliy ishlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, Abdulla Avloniy shaxsini o‘rganishga oid eng yaxshi g‘oyalar, takliflar, tashabbuslar va fikrlar bildirilib, bu bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar muhokama qilinadi.