Toshkent davlat pedagogika universitetida “Davlat tili va zamonaviy ta’lim-tarbiya” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi

Yurtimizda bayramlar ko‘p va har biri o‘zining teran mohiyatiga ega. Ana shunday bayramlardan biri – 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni millatimiz, tilimiz, ma’naviyatimiz tarixida o‘ziga xos kun hisoblanadi. Til har bir millatning eng qadrli boyligi, uning madaniyatidan tortib ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi.

Shu bois, o‘zbek tili bayramini munosib nishonlash maqsadida 19-oktyabr kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida “Davlat tili va zamonaviy ta’lim-tarbiya” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda TDPU rektori Alisher Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili va adabiyoti folklori instituti vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni universitet rektori Alisher Umarov o‘zining kirish so‘zida bugungi kunda barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinganligi, Davlatimiz tomonidan ma’naviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan ta’lim- tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan o‘nlab farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga bevosita ijobiy ta’sir qilayotganligi haqida gapirib o‘tdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan mehmonlar tilimiz taraqqiyotiga davlatimiz tomonidan berilayotgan e’tibor, shuningdek, hozirgi kunda o‘zbek tili AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya kabi o‘n beshdan ortiq davlatlarning 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ortiq maktablarida o‘rganilayotganligi, o‘zbek tili bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik tadqiqotchilar soni kundan-kun oshib borayotganligi haqida so‘z yuritildi.

Tadbir so‘ngida universitet talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyat ulashdi.