TDPU professor-o'qituvchilari “O‘zbek tilini o‘qitishning eng yaxshi metodikasi” ilmiy-ijodiy ishlar tanlovida g'oliblar qatorida bo'ldilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari o‘rtasida o‘zbek tili ta’limini takomillashtirish va yangi g‘oyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan “O‘zbek tilini o‘qitishning eng yaxshi metodikasi” ilmiy-ijodiy ishlar tanlovi tashkil qilindi. Tanlovda filologik, nofilologik va metodik yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ijodiy ishlar qabul qilindi hamda quyidagi bosqichlarda o‘tkazildi. 1-bosqichda 2020 yilning 20 avgustidan 20 sentyabrigacha ijodiy ishlar qabul qilindi. 2-bosqichda Hakamlar hay’ati tomonidan ijodiy ishlar ko‘rib chiqildi va baholandi. 3-bosqich esa g‘oliblarni e’lon qilish va taqdirlash.

Mazkur tanlov g‘oliblari va faol ishtirokchilarining tantanali taqdirlash marosimi 2020 yilning 20 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazildi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departament rahbari A.Qirg‘izboyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazir o‘rinbosari U.Begimqulov tanlovning o‘tkazilishi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy ishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarning keng joriy etish, zamonaviy o‘qitish va baholash mezonlarini ishlab chiqish, davlat tiliga oid muammolarning hal etishda ijodiy yondoshuvning rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Ushbu tanlovda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining professor-o‘qituvchilari ham munosib ishtirok etdilar. Jumladan, nofilologik yo‘nalish bo‘yicha 3-o‘rinni p.f.n., dotsent S.Adilova egallab bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. “O‘zbek tilini o‘qitishning eng yaxshi metodikasi” tanlovining metodik yo‘nalishida “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” kafedrasi dotsentlari U.Masharipova va X.Sattorova, tayanch doktorant D.To‘xliyeva faol ishtiroklari uchun taqdirlandilar.