Prezident nutqi asosida munozara-seminar darslari tashkil etildi

Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi xalqaro munosabatlar tizimida o‘ziga xos tarixiy sessiya sifatida tarixga kirdi. Birinchidan, ushbu sessiya BMTning oldingi anjumanlaridan butunlay boshqa formatda bo‘lib o‘tdi. Jahonda ro‘y berayotgan pandemiya sababli BMTning ushbu sessiyasi birinchi marotaba onlayn shaklda tashkil etildi.

Ikkinchidan, ushbu sessiya turli davlatlar rahbarlari va hattoki qarama-qarshi tomonlar fikrlarni ham ma’lum bir ma’noda yakdil qildi. Ya’ni deyarli barcha davlat rahbarlari COVID-19 fonida ushbu global xavfga qarshi kurash borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining ushbu yubiley sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Prezidentining BMT 75-sessiyasidagi ma’ruzasi tarixiy nutq sifatida nafaqat O‘zbekiston balki, jahon tarixida ham iz qoldiradi. Chunki, ushbu nutq ilk marotaba xalqaro doirada, ushbu global xalqaro tashkilot miqyosida o‘zbek tilida amalga oshirildi. Bu nafaqat O‘zbekiston balki, xorijdagi ko‘psonli vatandoshlarimiz hamda jahon jamoatchiligini nihoyatda quvontirdi. Prezidentimiz o‘z nutqida kambag‘allikka qarshi kurash, ekologiya, inson huquqlari, mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik va boshqa sohalarga oid amaliy takliflar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyadagi ushbu tarixiy nutqini o‘rganish bo‘yicha joriy yilning 22 oktyabr kuni Nizomiy nomidagi TDPU ning barcha professor o‘qituvchilari uchun ZOOM dasturi orqali o‘zbek va rus tillarida onlayn tarzda 4 soatlik munozara-seminar darslari tashkil etildi. O‘zbek tilidagi munozara-seminar darslari Tarix fakulteti “Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari” kafedrasi dotsentlari: siyosiy fanlar nomzodi Xushnud Jumaniyozov, falsafa fanlari nomzodi Marhabo Sobirovalar tomonidan tashkil etildi. Mazkur kafedra dotsenti v.b., tarix fanlari nomzodi Farida Suguraliyeva tomonidan rus tilidagi olib borildi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan ushbu munozara-seminar darslari qizg‘in munozaralar va savol-javoblar asosida tashkil etilib, ishtirokchilarda alohida tassurot qoldirdi.