Respublikamizning Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan, Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda TDPU rektori Alisher Umarov ham ishtirok etdi.

Termiz shahridagi osmono‘par flagshtokka o‘rnatilgan bayroq ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Bayrog‘imiz—faxrimiz, g‘ururimiz” mavzuida o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Chori Begimqulov, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Ma’naviy hayot” jurnali bosh muharriri, shoir Eshqobil Shukur milliy bayrog‘imiz mustaqil davlatchiligimiz ramzi, xalqimizning orzu-umidlari, g‘ururi belgisi sifatida har bir kishining faxr- iftixor tuyg‘usini yuksaltirayotganini alohida ta’kidladi. Tadbirda bayrog‘imizda milliy-tarixiy an’analarimiz, uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy madaniyatimiz, poklik beg‘uborlik, go‘zallik, yaxshilik, donishmandlik, shon-shuhrat va sadoqat kabi buyuk fazilatlarimiz o‘z ifodasini topgani xususida so‘z yuritildi.

San’atkorlar ijrosidagi Vatanni, mardlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilar qalbiga xushkayfiyat ulashdi. Tadbir doirasida Termiz shahar ko‘chalari bo‘ylab O‘zbekiston Milliy gvardiyasining harbiy otliqlar otryadi, viloyat ichki ishlar boshqarmasining skuterlari, chegara qo‘shinlarining kvadratsikllari, harbiy avtomashina va velosportchilari ishtirokida bayrog‘imiz baland ko‘tarilgan bayram marshi tashkil etildi. Yoshlar o‘rtasida yugurish bo‘yicha marafon o‘tkazildi.