O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 29 yilligi munosabati bilan Maxsus pedagogika fakultetida ham ma’naviy-ma’rifiy tadbir ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun 1991 yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi oliy kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan. Bayrog‘imiz, g‘urur va faxrimiz timsolidir. Vatanimizning beqiyos ramzidir. Quyosh ko‘kda falakning bayrog‘i bo‘lib porlab turibdi, ko‘ngilda muhabbat bayrog‘i hilpiraydi, ongimizni esa tafakkur bayrog‘i nurlantiradi. Ozod va obod Vatanimiz — O‘zbekistonning bayrog‘i ham bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’aladir.

Joriy yilning 18-noyabr kuni Maxsus pedagogika fakultetida “Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgani, ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asraganliklari, davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli ekanligi, shuningdek u jondek aziz, nondek mo‘’tabarligi to‘g‘risida fakultet dekani alohida to‘xtalib o‘tdi.

- Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi – dedi D.Nazarova.

Tadbirda talabalarimiz tomonidan Vatan bayrog‘ini ardoqlash, u hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzi ekanligi, Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimiz ekanligi tarannum etildi.