Rasmiy munosabat!

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ijtimoiy tarmoqlarda talabalar uchun masofaviy ta’lim olishga mo‘ljallangan (http://talaba.tdpu.uz/) elektron platformaning ishlashi bo‘yicha "baholaringizni SMS orqali bilib oling", "xizmatdan foydalanish uchun click orqali to‘lovni amalga oshiring" kabi panellar paydo bo‘lib, talabalarni onlayn o‘qish imkoniyati bo‘lmayotganligi holati aks etgan video va matnli xabarlar tarqalmoqda.

Mazkur holat yuzaga kelishiga sabab tashqi omillardir. (buzib kirish) Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘zlarining shaxsiy ID kod va parollari bilan platformaga bemalol tekinga kirishlari mumkin. Ammo universitetga aloqasi bo‘lmagan internet foydalanuvchilari onlayn ta’lim platformasiga kirishga uringanda yuqoridagi kabi panellar hosil bo‘lmoqda. (Bunga esa universitetning umuman aloqasi yo‘q) Bu muammo yuzasidan kerakli choralar ko‘rilgan. Hozirda yuqoridagi kabi pul mablag‘ini onlayn o‘tkazish so‘rovi chiqayotgan elektron panelni yo‘q qilish ishlari olib borilmoqda. Turli bloglar va kanallar hal qilingan ushbu muammo haqidagi eski ma’lumotlardan foydalanib shov-shuv va provokatsiya ko‘tarishga urinmoqda.

Chindan ham shu muammo bor yoki yo‘qligini bilishni istaganlar bemalol o‘zlariga murojaat qilgan talabaning ID va parolini ishlatgan holda onlayn ta’lim platformasiga kirib tekshirishlari mumkin. Hurmatli TDPU talabalari agar kimda kim yuqoridagi kabi turli kanallar va bloglarda chiqayotgan ma’lumotlarda keltirilganidek, onlayn ta’lim platformasida muammoga duch kelayotgan bo‘lsa @Talaba_SMS_bot manziliga ism-familiyasi, fakulteti va guruh raqamini ko‘rsatgan holda bemalol murojaat qilish imkoniyati mavjud. Holat universitet mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilishi va texnik nosozlik aniqlangan taqdirda, qisqa muddatda bartaraf qilinishini ma’lum qilamiz.

Hozirda onlayn ta’lim platformasida, turli kanallar va bloglarda ta’kidlanayotganidek muammo yo‘q. Telegram messenjeridagi turli kanal va bloglardan esa o‘zlari orzu qilayotgandek professional tarzda ishlashlarini, his-tuyg‘u bilan emas, aql bilan xulosa chiqargan holda jamiyat orasida xolis axborot tarqatishlarini so‘rab qolamiz. "Talabalar haqqi yeyilyapti" deyotganlarga eslatma - har qanday noqonuniy elektron pul o‘tkazmalari, maxsus xizmat va tashkilotlar tomonidan bemalol aniqlanishi mumkin bo‘lgan raqamli asrda yashayapmiz.

Tekshiruvlar natijasida, bu holatda universitetning aybi yo‘qligi isbotlansa, faqat o‘zingizning izza bo‘lganingiz qoladi. Ayb yoki xato sud orqali isbotlanmasa, demak uni hozirdan aybdorga chiqarish - bu qonunga zid ish qilish ekanligini "yosh va bo‘sh" blogerlarga eslatish bizning do‘stona vazifamizdir.