TDPU rektori universitet otaliqqa olgan maktab direktorilari bilan uchrashdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umuxalq harakatiga alanishi zarur. Mamlakatimizda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, xususan, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalari bugungi kunning eng dolzarb ahamiyatga ega masalalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarini oliy ta’lim muassasalari otaliqqa olish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, bu borada Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Chilonzor tumanidagi sakkizta maktabni otaliqqa oldi.

Joriy yilning 24-noyabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida rektor Alisher Umarov va otaliqqa biriktirilgan maktab direktorlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda o‘quv maussasalari faoliyati, ta’lim sifati, shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklar bilan yaqindan tanishildi. Maktab o‘quvchilarining bilim olishda samarali usullardan foydalanish, ularning oliy ta’lim muassasasiga o‘qushga kirish imkoniyatini oshirish, shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha umumta’lim maktablarni tayyorlash va namunali natijalarga erishish uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan maqsad va vazifalar xususida ham fikr yuritildi.

Tadbirda Buxoro viloyatidagi Qorako‘l xalqaro matematika maktabi rahbari ham ishtirok etib, maktabdagi ish va o‘quv faoliyatidagi ko‘nikmalari haqida batafsil tushunchalar berilib, o‘zaro tajriba almashildi.

Ma’lumot o‘rnida, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Chilonzor tumanidagi 114, 131,138, 149, 173, 183, 201 va 270-sonli, jami sakkizta maktabni otaliqqa olgan.