Toshkent davlat pedagogika universitetida “14-yanvar – Vatan himoyachilar kuni” tantanali ravishda nishonlandi.

Joriy yilning 12-yanvar kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlab, Harbiy ta’lim fakulteti 4-bosqich talabalarining Vatanga qasamyod keltirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori Alisher Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalaring ota-onalari ishtirok etdi.

2020-2021 o‘quv yilida Harbiy ta’lim fakultetida 70 nafar bitiruvchi bo‘lib, ularning Vatanga qasamyod keltirganligi bilan universitet rektori Alisher Umarov, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalaring ota-onalari tabriklab so‘zga chiqdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi fahriy qorovuli va qo‘l jangi bo‘linmalarining jangovor chiqishlari, universitet Maktabgacha ta’lim fakultetining Musiqiy ta’lim yo‘nalishi talabalarining xor ansambli chiqishlari barchaga vatanparvarlik va bayramona kayfiyat tuhfa etdi. Shu bilan bir qatorda, universitet 81140-harbiy qism shaxsiy tarkibi tomonidan tashkillashtirilgan qurol-aslaha vaa harbiy texnikalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Ma’lumot o‘rnida, 1991-yilning 31-marti Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Mudofaa vazirligining 2008-yil 5-avgustda harbiy kafedra negizida Jismoniy madaniyat va chaqiriqqacha harbiy ta’lim fakul’teti tashkil etilib, Chaqiriqqacha harbiy ta’lim, Jismoniy madaniyat va bolalar sporti yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlangan.

Hozirgi vaqtda Harbiy kafedrada 19 ta fan o‘qitilib kelinmoqda hamda harbiy tayyorgarlik fanlari bo‘yicha Mudofaa vazirligining harbiy ta’lim boshqarmasi tomonidan kerakli adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.

Talabalar bilan o‘quv-tarbiya ishlarini tashkil etish va olib borish uchun o‘quv-metodik baza va moddiy ta’minot harbiy kafedra boshlig‘ining buyurtmasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan ta’minlanmoqda.