Nizomiy nomidagi TDPU maxsus axboroti

Bugun (22.01.2021) tibbiy tashxis natijalariga ko'ra, Toshkent davlat pedagogika universiteti Rus tili va adabiyoti fakulteti talabasida COVID-19 infeksiyasi aniqlandi. 

Ushbu talaba bilan aloqa qilganlar va fakultet hududidagi boshqa barcha talabalarga 14 kun davomida o'z-o'zini izolyatsiya qilish rejimini o'tkazish tavsiyasi berildi. 

O’quv binosining 4-qavatidan foydalanayotgan Rus tili va adabiyoti fakulteti hamda Xorijiy tillar fakultetida ham ushbu nazorat choralari joriy qilindi. Bunda offlayn tartibda ta'limga qaytgan Rus tili va adabiyoti, Xorijiy tillar fakultetlarining barcha 1-kurs talabalari endilikda 14 kun davomida ta'limni masofaviy tartibda olishlari belgilandi. 

Kelasi haftadan (24.01.2021) ushbu ikkala fakultetning 2-3-4-kurs talabalari qishki sessiya yakuniy imtihonlarini onlayn tartibda topshiradilar. 1-kurs talabalari esa ikki haftadan keyin (08.02.2021) imtihon topshirish uchun offlayn ta'limga qaytadilar. 

Rus tili va adabiyoti, Xorijiy tillar fakulteti binolari, kirish-chiqish joylari va hududlari to'liq izolatsiyaga olingan bo'lib, u yerda 1 hafta mobaynida tibbiy-sanitariya tozalash ishlari amalga oshiriladi. Ushbu fakultetlarning hududi to'la yopilgan va nazoratga olingan. 

Qolgan barcha fakultetlar talabalari to'liq tartibda offlayn ta'lim darslarini va offlayn tarzdagi imtihon topshirish jarayonlari davom ettiradilar. Buning uchun barcha binolarning kirish va chiqish joylari har bir fakultet va kurslar uchun alohida marshrutlar asosida belgilangan yo'laklar orqali amalga oshirilishiga rioya qilinadi. 

Universitetning barcha kirish-chiqish joylari, bino va hududlari tana haroratini o'lchovchi maxsus texnologik tibbiy asboblar va sanitariya vositalari bilan to'liq jihozlangan. Universitetda maxsus tibbiyot xodimlari va shifokorlar guruhi muntazam faoliyat ko'rsatmoqda. O’quv binolarida va talabalar turar joylarida favqulodda holatlar uchun izolyatorlar tashkil etilgan va yetarlicha kerakli dori-darmonlar sotib olingan. Vaziyat to'liq nazoratga olingan, xavotirlanishga hojat yo'q. 

Shunday bo'lgan taqdirda ham o'z sog'lig'ingiz haqida qayg'uring, tibbiy niqob va sanitariya vositalaridan unumli foydalaning, ijtimoiy masofani saqlang. Profilaktika maqsadida qo'llaringizni sovun bilan tez-tez yuvib turing, antiseptik vositalardan foydalaning, kasal odamlar bilan aloqa qilishdan saqlaning va yuzingizga imkon boricha teginmang. 

Universitet uchun eng muhimi - har bir talabaning sog'ligi va xavfsizligidir.